“Xalq soʻzi” uchun maxsus: Vashingtonda AQSH, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi

03:50 03 Fevral 2022 Siyosat
676 0

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi

Vashingtondagi Kaspiy siyosati markazi (Caspian Policy Center)da AQSH, Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan onlayn-brifing boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilinishicha, tadbirda AQSH va ikki mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanish tarixi, ularni chuqurlashtirishning hozirgi holati va istiqbollari muhokama etilgan.

Brifingda AQSH davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari boʻyicha yordamchisi oʻrinbosari Donald Lu, Yevropa va Yevroosiyo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Karen Donfrid, Qozogʻiston Prezidentining xalqaro hamkorlik boʻyicha maxsus vakili Erjon Kazixanov, Ozarbayjon Prezidenti Devoni tashqi siyosat boʻlimi boshligʻi Hikmat Hojiyev, Gruziya tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Lasha Darsaliya, shuningdek, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston elchilari ishtirok yetdi.

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi

Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish tarixidagi eng muhim marralarni, strategik sheriklikning rivojlanish dinamikasini, siyosiy, iqtisodiy, harbiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini qayd etdi. Elchi savdo va investitsiya sohasidagi amaliy aloqalar, innovatsion rivojlanish, xalqaro moliya institutlari doirasidagi hamkorlik, akademik va ilmiy-texnik sheriklikning istiqbolli yoʻnalishlarini alohida qayd etdi. Energetika, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolarni hal yetish sohasidagi munosabatlarning amaliy natijalariga erishish maqsadida mintaqaviy formatdagi, jumladan, “C5+1”, AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi savdo va investitsiyalar boʻyicha hadli bitim (TIFA) doirasidagi muloqotni yanada kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlari taʼkidlandi.

Ishtirokchilar hududlarning iqtisodiy farovonligi yanada infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika tarmoqlarini kengaytirish, tovarlar va energiya resurslarining toʻsiqsiz savdosi va tranziti uchun sharoit yaratishiga ishonch bildirdi. Shu nuqtayi nazardan, hududlarning transport va energetika integratsiyasiga koʻmaklashuvchi qoʻshma loyihalarni yanada ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari vakillari mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, pandemiyaga qarshi kurashning ustuvor yoʻnalishlari bilan oʻrtoqlashdi.

Amerika vakillari Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlari mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligini qayd etdi. Islohotlar va oʻzgarishlarni, shu jumladan, tegishli texnik yordam va inson salohiyatini oshirish dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga, shuningdek mintaqalar mamlakatlarining iqtisodiy oʻsishi va farovonligini oshirishga tayyorligi taʼkidlandi.

Tadbirda, shuningdek, rasmiy shaxslar, tahliliy markazlar, nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ishbilarmon doiralar, shuningdek, AQSH diplomatik korpusi vakillari ham qatnashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер