Xalq konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari
Kecha poytaxtimizda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tomonidan “Xalq Konstitutsiyasi bilan xalqchil davlat sari!” mavzuida respublika konferensiyasi oʻtkazildi.
Unda 130 nafardan ziyod taniqli olimlar, ziyolilar, professor-oʻqituvchilar, shoir va yozuvchilar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzolari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Mazkur anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad, yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni birlashtirish, Bosh qomusimizga kiritilayotgan asosiy oʻzgartirishlar, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat sifatida Oʻzbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi alohida begilanayotganligini aholiga xalqchil tarzda yetkazish va bu borada jamoat tashkilotlari, ilmiy doiralar vakillari va ziyolilarning faolligini oshirishdan iborat.
Anjumanda yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtirishi, unda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, loyihani ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etganligi, alohida taʼkidlandi. Xususan umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi, takliflarning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olganligi qayd etildi. Shu maʼnoda yangilanayotgan Konstitutsiya tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganligi eʼtirof etildi.
Maʼlumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilmoqda, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda, Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga koʻpaymoqda, yaʼni amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Yigʻilishda Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy oʻzgarishlarning har biri boʻyicha alohida-alohida toʻxtalib oʻtildi, fikr almashildi.
Jumladan, konferensiya kun tartibiga koʻra, “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi – yangi maʼnaviy makonni yaratish istiqbollari”, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasidagi ustuvor yoʻnalishlar hamda «2023-yil – «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”dagi vazifalar», “Milliy oʻzlikni anglashda Qomusimiz tarixi va yangilanayotgan Konstitutsiyamizda inson huquqlarining oʻrni” , “Taʼlim olish huquqi va imkoniyati yanada kengaytirilib, oʻqituvchilarning konstitutsiyaviy maqomi mustahkamlonmoqda”, “Yangilanayotgan Konstitutsiya va uning targʻiboti: zamonaviy yondashuvlar zarurati” kabi mavzular oʻrin olgan.
Anjuman doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tarixiga oid hujjatlar koʻrgazmasi namoyishi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan Memorandumlar imzolash hamda “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyatining yosh aʼzolariga guvohnoma va aʼzolik nishonlari topshirish marosimlari boʻlib oʻtdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring