Xalq farovonligini oshirish — pirovard maqsad

20:06 25 Aprel 2024 Jamiyat
479 0

Aholi salomatligini muhofaza qilish, ularning yaxshi yashashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish bugungi kun vazifalaridan eng muhimidir. Shu maʼnoda ushbu vazifaga nafaqat sogʻliqni saqlash tizimi xodimlari, balki koʻplab idora va tashkilotlar jalb qilingan. Jumladan, prokuratura organlari tizimi vakillari ham ushbu yoʻnalishdagi ishlarni tashkil etishda faol ishtirokchilardan, desak, mubolagʻa emas.

Xorazm viloyati prokuraturasi tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida mahallalar darajasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgani fikrimiz dalilidir. Viloyatning Bogʻot tumanidagi aholi soni 3 ming 955 nafar boʻlgan Toʻpchi mahallasida qishloq vrachlik punkti mavjud emasligi va tuman markazigacha masofa 40 км.ни tashkil etishi sababli aholining tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyati cheklangan. Bu, oʻz navbatida, ayrim kasalliklar soni ortishi, tibbiy ehtiyojmand boʻlgan 24 nafar ruhiy kasal (tuman boʻyicha ushbu toifadagi bemorlarning 40,6 foizi), 5 nafar tugʻma yurak nuqsoni boʻlgan bolalar (19,2 foiz), 514 nafar urologik (11,8 foiz) va 13 nafar onkologik kasallikka chalinganlarga (12,2 foiz) qiyinchiliklar keltirib chiqargan.

Shuningdek, mahalladagi 273 nafar ehtiyojmand oila hamda 400 nafarga yaqin tashqi migratsiyadan qaytgan shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtishida doimiy noqulayliklar paydo boʻlgan. Bu kabi salbiy holatlarni inobatga olib, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan mahalladagi eski (1980-yillarda qurilgan) 120 qatnovga moʻljallangan qishloq vrachlik punkti binosi «ONA» jamoat fondi va «Mirahmedov Foundation» jamoat fondi homiyligida rekonstruksiya qilinib, 3 mlrd. soʻmlik qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Shifoxonaga 828 mln. soʻmlik tibbiy uskunalar (EKG, UTT, LOR, laboratoriya apparati, jarrohlik, ginekologiya xonasi jihozlari) va boshqa mebellar xarid qilinib, oʻrnatildi. Ushbu tadbir mahalla aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatish sifatini tubdan yaxshilash, kasalliklarni erta aniqlash hisobiga yuzaga keladigan asoratlarni oldini olish imkoniyatini yaratdi hamda aholining uzoq yillardan beri qiynayotgan masalani hal qilish orqali ularning kayfiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Bundan tashqari, viloyatning toza ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan oʻnta mahallasida homiylar hisobidan 818 mln. soʻmlik suv tozalash inshootlari oʻrnatildi. Jumladan, Bogʻot tumanida Toʻpchi mahallasi, Gurlanda Esabiy, Qoʻshkoʻpirda Nezaxos, Urganch tumanida Yangi oʻrtabogʻ, Xiva tumanida Chanashiq, Shovotda Boʻston va Eshonqalʼa, Yangiariqda Chiqirchi hamda Qorakoʻz va Tuproqqalʼada Sharlauq mahallasida suv tozalash inshootlari barpo etildi. Bu mazkur mahallalardagi 9 ming 170 nafar aholini ilk marotaba toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga sharoit yaratdi.

Albatta, bu boradagi amaliy ishlar davom ettirilmoqda.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер