Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisi Navoiy davlat universitetida
Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisi Gʻafur Aliyev Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muhiddin Kalonov bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida universitetda amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilarining mahalliy Kengashlar faoliyatidagi ishtiroki muhokama qilindi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, ayni paytda universitetning bir qator professor-oʻqituvchilari mahalliy Kengashlar deputatlari sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.
Suhbat chogʻida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining vazifa va funksiyalarini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda deputatlik masʼuliyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
— Shuningdek, suhbatda mansabdor shaxslarning odob-axloq qoidalariga rioya etishi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, deputatlarni ragʻbatlantirish va ular uchun zarur moddiy-texnik sharoitlarni yaxshilash, mahalliy Kengashlarga deputat boʻlgan professor-oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi, — deydi M. Kalonov. — Bu aholining ziyoli qatlami oldida turgan masʼuliyatli vazifalardan biri.
Uchrashuvda taʼkidlandiki, oliy taʼlim muassasalarining koʻp ming sonli jamoasi katta ijtimoiy kuch hisoblanadi. Boisi viloyatdagi deyarli har bir oila oliy taʼlim tizimi bilan bevosita yoki bilvosita bogʻliq ekanligi eʼtirof etildi.
Muloqotda deputatlar salohiyatidan samarali foydalanish orqali hududlardagi dolzarb masalalarni hal etish imkoniyatlari keng ekanini taʼkidlanib, hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishib oldilar.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring