“Xafa boʻldim” deb OAVda chiqishdan avval murojaat qilish maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlardi — Toshkent shahar hokimligi Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi eʼtiroziga munosabat bildirdi

15:48 28 Sentyabr 2021 Jamiyat
1185 0

Arxiv surat

Shu yilning 23-sentyabr kuni Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov Milliy matbuot markazida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonda jurnalistlarning huquqiy himoyasi: muammo va yechimlar” mavzuidagi davra suhbatida Toshkent shahar hokimligi 2017-yil avgustdagi Prezident qarori ijrosini 5 yildan buyon paysalga solib kelayotganini taʼkidlagan edi.

“Men Toshkent shahri hokimidan juda xafaman. Toʻgʻri, shaharda juda katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilyapti, buni biz hamisha eʼtirof etamiz, har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Biroq prezidentimizning 2017-yil 10-avgustda «Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Toʻrttagina banddan iborat qarorda Toshkent shahar hokimligiga Toshkent shahrining Islom Karimov koʻchasidagi 15a-uydan uyushma uchun joy berish vazifasi yuklatilgan. Mana, oradan qariyb besh yil vaqt oʻtdi. Lekin haligacha uyushmaga joy ajratilgani yoʻq. Haligacha axborot sohasidagi vakolatli davlat organining binosida ijarada oʻtiribmiz.

Prezident saylovi munosabati bilan yurtimizga koʻplab xorijiy jurnalistlar tashrif buyurmoqda. Ularning koʻpchiligi uyushma faoliyati bilan tanishish istagida bizga murojaat qilishmoqda. Ammo gapning ochigʻi, biz ularni qabul qilish uchun hozirgi holatimizdan uyalyammiz», degan edi Olimjon Oʻsarov davra suhbatida. 

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovning eʼtiroziga Toshkent shahar hokimligi munosabat bildirdi.

“Soʻnggi yillarda jurnalist va ijodkorlarga alohida eʼtibor qaratilib, koʻplab imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Prezidentning 2017-yil 10-avgustdagi «Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham ijodkorlar uchun mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash va imtiyozlar belgilangan.

Xususan, qarorda Toshkent shahar hokimligiga ham maʼlum vazifalar yuklatilgan.

2021-yilning 23-sentyabr kuni qator OAVlari Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovning “5 yildan beri Prezident qarori ijrosi taʼminlanmayapti” degan fikrlarini keltirgan.

Toshkent shahar hokimligi Prezidentning yuqoridagi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida oʻsha yilning oʻzidayoq tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirgan.

Jumladan, Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Islom Karimov koʻchasi, 16-A uy binosi boshqa davlat idoralari bilan toʻlganligi sababli, Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari N. Maksumov tomonidan imzolangan xat (2018-yil 6-iyulda 03-780 sonli)ga asosan uchta bino taklif etilgan.

Xususan, Shayxontohur tumani, Furqat koʻchasi 1-uy manzilidagi bino, Mirzo Ulugʻbek tumani Mustaqillik shohkoʻchasi 71-uy manzilida joylashgan binoning 4-qavati va Yashnobod tumani 22-harbiy shaharchada joylashgan bino shular jumlasidandir.

Ammo Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi taklifga nisbatan hech qanday javob bermaganligi sababli oʻsha paytda bu masala ochiq qolgan.

Hozirgi kunda bu uchta taklif ham oʻz kuchini yoʻqotgan. Sababi shaharda katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Koʻplab binolar buzildi, koʻplarining oʻrniga yangilari bunyod etildi. Buni Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov bilishi, yuqoridagi masala yuzasidan fikr bildirishdan avval masalani oʻrganishi lozim edi.

Toʻgʻri, Olimjon Oʻsarovning uyushmaga rahbar boʻlganiga endi toʻrt oy boʻldi. Bu vaqt mobaynida hamma narsaga ulgurish, hamma narsani bilish qiyin. Ammo “xafa boʻldim” deb OAVda chiqishdan avval Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilishi maqsadga muvofiq boʻlgan boʻlardi», deyiladi munosabatda.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер