Xadicha momoning sabogʻi

19:03 19 Aprel 2022 Jamiyat
638 0

Foto: Халқ сўзи

Buxoro tumanidagi “Raboti qalmoq” mahalla fuqarolar yigʻini hududida 9 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Bogʻ-rogʻlari, tinib-tinchimas odamlari bilan tanilgan bu goʻshaning keksalari ham yerga, tomorqaga mehr qoʻyish ortidan moʻmay daromad topishmoqda. Shavkat ota Choriyev bilan Xadicha momo ularning old qatorida.

— Hovlida issiqxona qurib, qoʻshimcha daromad topayotganimizga oz emas, koʻp emas,oʻttiz yilcha boʻldi, — deydi mehnat faxriysi Xadicha Ahmedova. — Kam boʻlmadik. Shukr, roʻzgʻorimiz but, oʻzimizga tinchmiz. Uch oʻgʻlimizning orzu-havasini qildik.

Onaxon yetmish yoshni qoralaganiga qaramay, uyda oyoq uzatib oʻtirishni oʻziga ep koʻrmaydi. Hovlisidagi 2,5 sotixli issiqxonadan koʻngil uzolmaydi. Har tup koʻchatga nevaralarini suygan kabi mehr beradi. Parvarish qiladi. Shavkat ota esa unga koʻmakchi. Ekinni tomchilatib sugʻorishni yoʻlga qoʻyishganiga nima deysiz?

— Oʻtgan yilda ikkovlon shu issiqxonadan 27 million soʻm ishlab topdik, — davom etadi Xadicha momo. — Bu yil pomidorning kasallikka chidamli, serhosil navi sanalgan «Chinto»dan salkam ming tup koʻchat oʻtqazganmiz. Mijozlarimiz kun ora eshik qoqib “Pomidor pishib yetildimi?”, deb holi-jonimizga qoʻyishmayapti.

Bu gal chol-kampir nisbatan arzon mahsulot yetishtirishmoqda. Chunki poliyetilen plyonka qoʻsh qavat qilib yopilgani bois issiqxonani isitishga ehtiyoj sezilmadi. Yonilgʻi tejaldi.

— Biz tomorqaning har bir qarichidan unumli foydalanishga odatlanganmiz, — deydi Shavkat ota. — Mana, supaning chetida oshqovoq yetishtiryapmiz. Issiqxonada 40 tup limon koʻchati ham oʻtqazganmiz. Axir hamma narsa oʻzingdan chiqqaniga nima yetsin? Men togʻni ursa talqon qiladigan ayrim yoshlarimizning tomorqaga qaramay qoʻshishganini, qishloqda yashab turib kartoshka-piyozni bozordan sotib olishayotganini koʻrganimda juda xafa boʻlaman. Yerning ham uvoli bor.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер