Tabiiy gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanishlar haqida xabar berganlarga 1 million soʻm mukofot beriladi
Yurtimizda sovuq tushib, yomgʻirli kunlar boshlangach, issiqlik taʼminoti, xususan, tabiiy gazga boʻlgan talab va ehtiyoj sezilarli darajada ortadi. Shu bois kuz-qish mavsumida tabiiy neʼmatlardan oqilona, tejab-tergab foydalanish barchamizning muhim vazifamizdir.
Keyingi yillarda davlatimiz tomonidan aholini bu boradagi tabiiy ehtiyojini qondirish, tabiiy gaz taʼminoti tizimini isloh qilish boʻyicha keng koʻlamli saʼy–harakatlar olib borilmoqda. Ammo ushbu sohada uchraydigan tizimli muammolar ham yoʻq emas. Ulardan biri – tabiiy gazdan qonunga xilof ravishda, yana ham aniqroq aytganda, yashirincha foydalanish odatidir. Afsuski, bu jarayonda zimmasidagi burch va masʼuliyatini unutib qoʻyadigan hamyurtlarimiz ham bor.
Shu sababli tabiiy gazdan unumli foydalanish, qishki mavsumda tabiiy gazni aholiga uzluksiz yetkazib berish maqsadida Qoʻqon shahrida tarmoqqa noqonuniy ulanishlarga chek qoʻyish chora-tadbirlari koʻrilayotir.
— Ayni yoʻnalishda keng jamoatchilik vakillarini faol jalb etish uchun shahar hokimligi oʻziga xos tashabbus bilan chiqdi,—deydi Qoʻqon shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Ulugʻbek Norboyev. —Unga koʻra, tabiiy gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanishlar hamda undan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan aholi vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari haqida xabar berganlarga 1 million soʻmgacha ragʻbatlantiruvchi mukofot beriladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring