Kelin nega oʻzini yoqib yubordi?

13:08 09 Avgust 2020 Jamiyat
1590 0

...Oʻshanda 2019-yilning 15-dekabri edi. Ayni tushki mahal Gʻijduvon tumanidagi “Yangiobod” mahalla fuqarolar yigʻini Urganjeli qishlogʻida yashovchi Sadullayevlar hovlisi baqir-chaqirga toʻldi. Bu xonadonni avvaldan bilganlar “Yana qaynota-kelin mojarosi boʻlsa kerak-da”, deb taxmin qilishi mumkin edi. Chindan ham, bu xuddi shunday mojaro edi. Ammo bu galgisini aytgani yurak ham dov bermaydi. Kelin boʻlmish Sabohat oshxonada turgan yelim idishdagi benzinni ustiga sepib oʻzini yoqib yubordi. Ayol bir lahza ichida alanga ichida qoldi. Uydagilar suv sepib olovni oʻchirishdi. Sabohat zudlik bilan shifoxonaga yotqizildi. Shoʻrlik besh kuncha oʻlim bilan olishdi. Oxir-oqibat tuman tibbiyot birlashmasining reanimatsiya boʻlimida vafot etdi.

Xoʻsh, Sabohat Haqqulova nega oʻz joniga qasd qildi? Uni nima yoki kim shu darajaga olib keldi? Bu savollarga soʻrab-surishtiruv, tergov jarayonida atroflicha javob olindi.

Keling, oʻsha mashʼum 15-dekabr kunidagi bir kichik holatni yodga olaylik. Ertalab, hamma nonushtaga toʻplangan. Ammo dasturxon ustida xonadon sohibi Komil Saʼdullayev oʻgʻlini ovqatlanishga qoʻymasdan, unga nogiron ekanligini roʻkach qiladi. Qoʻlidan hech ish kelmasligini, boqimanda ekanligini aytib kamsitadi. Shunda Sabohat turmush oʻrtogʻining yonini olib, qaynotasiga eʼtiroz bildiradi. Bundan tutaqib ketgan Komil Saʼdullayev uni ham haqorat qilib, janjal koʻtaradi. Bu shusiz ham qiynalib, iztirob chekib yurgan kelinning sabr-toqatini toʻldirib yuboradi. Voqealarning keyingi rivoji esa sizga maʼlum.

Oʻrganish koʻrsatdiki, qaynota bunga qadar ham Sabohatni kamsitib, haqoratlab kelgan va hatto unga musht koʻtargan. ”Ovqat pishirishni bilmaysan”, “Nimaga masalliqni koʻp ishlatasan” kabi mayda gap- soʻzlarni-ku qoʻyib turing, kelinining yaqin qarindoshlari bilan uchrashishiga, biror joyga ishlashiga toʻsqinlik qilishi, uni fohishalikda gumon etishini aytmaysizmi?

Aynan shunday haqorat va ruhiy zarbalar tufayli Sabohat ikki bor arazlab onasinikiga — Samarqand viloyatiga ketib qolgan. Uyiga qaytgandan soʻng esa ahvol zigʻircha oʻzgarmagan. Qaynotaning haqoratu kamsitishlari davom etgan. Hali oʻn gulidan biri ochilmagan, bir nafar norasida farzandi boʻlgan shoʻrlikning ayanchi taqdirini oʻylarkansiz, inson shu qadar qabohatga boradimi, degan xayolga borasiz. Balki Sabohatning turmush oʻrtogʻi, qaynonasi, yaqinlari va nihoyat, mahalla- koʻy bir badkor qaynotani insofga chaqirganida, “Ey banda, koʻzingni och”, deganida bu fojia roʻy bermasmidi”, degan oʻylar koʻngildan kechadi...

Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudida sudya B. Umarov raisligida ochiq sud majlisi boʻlib oʻtdi. Guvohlarning soʻzlari, koʻrsatmalari eshitildi, taqdim qilingan dalillar atroflicha oʻrganildi. Pirovardida sud Saʼdullayev Komil Ismatovichni Oʻzbekiston Respublikasi JK 103-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan aybli deb topdi. Shu modda bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, unga 4 (toʻrt) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер