Kelgusi yildan boshlab magistratura va doktoranturaga kiruvchilar uchun chet tilini bilish xalqaro sertifikatiga ega boʻlish talabi kiritiladi
Videoselektor yigʻilishida hozirgi kunda oliygohlardagi 78 foiz professor-oʻqituvchilarning chet tilini bilish darajasi qoniqarsiz ahvoldaligi qayd etildi. Masalan, Nukus tibbiyot, Andijon iqtisodiyot va qurilish, Milliy rassomchilik va dizayn institutlari kabi 18 ta oliygohda birorta oʻqituvchi xorijiy tilni bilish sertifikatiga ega emas.
Har bir oliygoh rektori bir yil ichida chet tili oʻqituvchilari – 100 foiz, kelgusi 3 yilda esa kasbiy fanlar oʻqituvchilarining 50 foizi xalqaro sertifikat olishiga erishishi zarur.
Bunda oliygohlar oʻqitish va sertifikat olish xarajatlari oʻz jamgʻarmasi hisobidan qoplab beriladi.
Shu bilan birga, kelgusi yildan boshlab magistratura va doktoranturaga kiruvchilar chet tilini bilish xalqaro sertifikatiga ega boʻlish talabi kiritiladi.
Yangi oʻquv yilidan boshlab, oliygohlarda tegishli mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda oʻqitish tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, yangi oʻquv yilidan boshlab, chet tillari boʻyicha qabullar soni 2 baravarga oshirilib, 16 mingtaga yetkaziladi, davlat granti esa 3 baravarga oshiriladi.
Chet tilini oʻqitishning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish maqsadida, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali, xorijiy doktoranturada taʼlim olish uchun yiliga 20 ta oʻrin ajratiladi.
Bundan buyon, oliygohlarda tabiiy va texnik fanlar boʻyicha xorijiy darslik va qoʻllanmalardan erkin foydalanish yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi oʻquv yili boshlangunga qadar, har bir oliygoh rektorlari davlat-xususiy sheriklik asosida oʻqituvchi va talabalarga xorijiy tillarni puxta oʻrgatadigan til markazlarini tashkil etsin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring