Kelgusi yilda Turkiya bilan hamkorlik yanada kengayadi

11:58 28 Dekabr 2023 Jamiyat
548 0

Shu yilning 25-26-dekabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 7-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Ushbu tadbirda ishtirok etish uchun Turkiyaga joʻnab ketgan mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi soha masʼullari ham joy oldi.

Tashrif davomida vazir Turkiya Sogʻliqni saqlash vaziri Faxrettin Koja bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda yakunlanib borayotgan 2023-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tibbiy hamkorlik sifat va mazmun jihatidan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, joriy yilning avgust oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy dunyo tibbiyot kongressi va Turkiy davlatlar tashkilotining sogʻliqni saqlash vazirlari yigʻilishida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari muhokama qilingan edi.

Anjuman doirasida tashkil etilgan Oʻzbekiston – Turkiya tibbiyot forumida koʻplab oʻzaro manfaatli memorandum va kelishuvlarning imzolangani esa ikki qardosh mamlakat sogʻliqni saqlash sohasida oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishidan dalolat beradi.

Shu yil yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan ochilgan Hamshiralar akademiyasida Sogʻliq bilimlari universitetining “Hamshiralik ishi” fakultetini faoliyat boshlagani ham Oʻzbekiston tomonidan hursandchilik bilan qabul qilindi.

Mamlakatlarimiz yetakchi tibbiyot markaz va klinikalari mutaxassislari, tibbiyot oliygohlari professor-oʻqituvchilari oʻrtasidagi almashinuvlar ham oʻzaro aloqalar mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Muloqot davomida kelgusi yilda ushbu keng koʻlamli hamkorlikni raqamlashtirish, kadrlarni tayyorlash, farmatsevtika, yuqori texnologik amaliyotlarni keng joriy etish, akademik almashinuv, tibbiy taʼlim kabi qator yoʻnalishlarda yanada kengaytirish boʻyicha aniq rejalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер