“Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi
Soʻnggi yillarda yoshlarning bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda zamonaviy kasb va koʻnikmalarni egallashiga koʻmaklashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda mamlakatimizda qator samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida 2025/2026-oʻquv yili bitiruvchi yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida seminar-trening tashkil etildi.

Tadbir davomida yoshlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka yoʻnaltirish, oʻz biznes gʻoyalarini hayotga tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, “Kelajakka qadam” markazi va bank vakillari tomonidan talabalarga imtiyozli kreditlar berish, ularni rasmiylashtirish tartiblari, kredit olish shartlari va imkoniyatlari yuzasidan batafsil maʼlumotlar taqdim etildi. Talabalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
Shuningdek, seminar doirasida Teach for Uzbekistan NNM faoliyati, tashkilotning yoshlar bilan ishlash yoʻnalishlari, taʼlim sifatini oshirishga qaratilgan loyihalari va kelgusidagi rejalari haqida ham batafsil maʼlumotlar berildi.

Tadbir yoshlarning kelajakdagi kasbiy faoliyatini toʻgʻri rejalashtirish, bandlik masalalarida huquqiy va amaliy bilimlarini oshirish hamda tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilgani bilan ahamiyatli boʻldi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring