Kelajagimiz — bogʻchada
Foto: "Xalq so'zi"
Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Tadbir avvalida boshqarma boshligʻi jurnalistlarga sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda ularning samaralari xususida maʼlumot berdi.
Soʻnggi yillarda maktabgacha taʼlim davlat taʼlim tizimining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilanib, har bir bola uchun maktabgacha taʼlim va tarbiya olish imkoniyatini yaratish, bolada ilmga ishtiyoqni oshirish, jismoniy va aqliy faoliyatini rivojlantirishda tenglikni taʼminlash ishlariga milliy taraqqiyotimizning ustuvor omili sifatida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Navoiy viloyatida 2017-2021-yillarda sohada qamrov jihatidan misli koʻrilmagan natijalarga erishilganini kuzatish mumkin. Misol uchun, viloyatda davlat va nodavlat MTTlari soni 2017-yilda bor- yoʻgʻi 132 ta, qamrov esa 34,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib 1069 ta MTTda bogʻcha yoshidagi bolalarning 83,1 foizi taʼlim-tarbiya olmoqda.
— Viloyatda birgina joriy yilning oʻzida Investitsiya dasturi asosida 7 ta davlat MTTni yangidan qurish va rekonstruksiya qilish uchun 26,8 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi, — deydi Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Oʻtkir Tillayev. — Natijada 540 oʻringa ega qoʻshimcha quvvat yaratildi. Soʻnggi toʻrt yilda MTTga boʻlayotgan navbatlarni qisqartirish, mazkur yoʻnalishdagi tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari tufayli bu yil 10 ta davlat-xususiy sheriklik asosida MTT foydalanishga topshirilib, yani damda ularda 1360 nafar oʻgʻil-qiz zamonaviy shart-sharoitlarda taʼlim-tarbiya olmoqda. 214 ta oilaviy MTT tashkil etilishi esa chekka va olis hududlardagi 5 ming 350 nafar bogʻcha yoshidagi bolalarni qamrab olish imkonini berdi.
Sohada bolalarni sogʻlom ovqatlantirish va ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini taʼminlash maqsadida autsorsing tizimi yoʻlga qoʻyildi. Tizimning afzalligi MTTlarini arzon narxlarda sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash orqali tarbiyalanuvchilarning sogʻlom ovqatlantirish mexanizmining yaratilganidadir.
Bugungi kunda viloyatda 12 ta MTT mazkur tizim asosida autsorsing korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanyapti. Hozirda autsorsing korxonalari oʻrtasida tanlovlar oʻtkazilib, 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab ushbu tizim orqali oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanadigan MTT sonini 60 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Autsorsing korxonasi tomonidan xizmat koʻrsatilishi nafaqat bolalarni sogʻlom ovqatlantirishni kafolatlaydi, balki tashkilot rahbar-xodimlarining taʼlim-tarbiya ishlariga koʻproq vaqt ajratishida ham samarali yechim sanaladi.
Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari Navbahor tumanidagi bir qator MTTga tashrif buyurishib, amalga oshirilgan islohotlar samaralarini oʻz koʻzalari bilan koʻrdilar. Chunonchi, davlat-xususiy sheriklik asosidagi “Navbahor yulduzchalari” MTT 2020-yil dekabr oyida qurilib, foydalanishga topshirilgan. 120 oʻringa moʻljallangan muassasada 20 nafar malakali mutaxassis tomonidan tarbiyalanuvchilarga 5 ta guruhda mental arifmetika, ingliz tili, shaxmat, badiiy gimnastika kabi toʻgaraklarda qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etilgan.
— Bolalar tumanimizning Beshrabot, Yangihayot, Yangiyoʻl kabi 7 ta mahallasidan keladi, — deydi muassasa direktori Muhiba Hakimova. — Ota-onalar va bolalar uchun qulaylik yaratish maqsadida avtobus yoʻlga qoʻyib, tarbiyalanuvchilarni uydan olib kelib, olib borib qoʻyishni tashkil etganmiz.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joizki, tumanda bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrash 2017-yilda 12,9 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ushbu koʻrsatkich 73,8 foizga yetkazilgan. Tumanda 14 ta davlat, 12 ta DXSH asosidagi va 81 ta oilaviy MTT faoliyat koʻrsatmoqda. Joriy yil yakuni bilan qamrovni 83 foizga yetkazish nazarda tutilmoqda.
Press-tur ishtirokchilari, shuningdek, tumandagi 3- va 7-sonli davlat hamda “Yangi avlod bolalari” oilaviy MTT larida boʻlib, maktabgacha taʼlim-tarbiyaning davlat va muqobil koʻrinishlardagi shart-sharoitlarini solishtirish imkoniyatiga ega boʻldilar.
— Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har bir MTT uchun bitta talab — davlatning maktabgacha taʼlim sohasidagi yagona siyosatini taʼminlash vazifasi qoʻyilgan, — deydi MTB matbuot xizmati rahbari Oʻtkir Oʻsarov. — Davlat inspeksiyasi tomonidan mazkur vazifa ijrosi — maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayoni sifati ustidan doimiy nazorat va monitoring ishlari olib boriladi.
Chindan ham maktabgacha taʼlim muassasalari soni oshishi, ayniqsa, qishloq joylarda yashaydigan bolalar tarbiyasida muhim hayotiy ehtiyojdir. Boisi maktabgacha taʼlim muassasalari, birinchidan, bolalarning umumiy savodini erta chiqarish, ularda Vatanni sevish, gʻururlanish hissini uygʻotish bilan birga jamoaviy tarzda dunyoqarashini kengaytirish, bahs va muloqot orqali oʻz munosabatini belgilash koʻnikmalarini shakllantirayotgan boʻlsa, ikkinchidan, yosh bolali oilalarga har tomonlama katta madad bermoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring