Kegeylida Andijon tajribasi. Bu amalda qanday natija beradi?

18:26 22 Fevral 2022 Jamiyat
1101 0

Foto: Халқ сўзи

Shu kunlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga oid keng koʻlamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Bu xayrli ishda andijonlik bir guruh fermer va tadbirkorlar ham munosib ishtirok etyaptilar. Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, hozirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov Kegeyli tumanida boʻlib turibdi.

Aytish joiz, andijonlik tadbirkorlar ushbu tumanda 2022-2023-yillar davomida umumiy qiymati 604 milliard soʻmga teng 23 ta loyihani amalga oshirishga kirishdilar. Loyihalar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi natijasida Kegeylida 1 ming 700 ta ish oʻrni yaratiladi. “Sabo hamkor” MCHJ tomonidan esa “Nethouse” zamonaviy yozgi issiqxona va logistika markazi barpo etilmoqda. 5 milliard soʻm mablagʻ evaziga bir vaqtning oʻzida 150 kitobxonga xizmat koʻrsatuvchi kutubxonaning qurilishi ham ahamiyatli, albatta.

Andijon viloyat hokimi Kegeylining Xalqobod mahallasida boʻlib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi. Hozirda ushbu hududdagi oilalarga Andijondagi “Munavvaroy Agro Klaster” MCHJ tomonidan tuxumga kirgan 2 mingta tovuq tarqatildi. Kelgusida yana 8 ming bosh tovuq yetkazilishi rejalashtirilgan. Klaster xodimlari tomonidan tovuqlarni parvarishlash tartiblari oʻrgatilib, ozuqasi yetkazib berilmoqda. Veterinar xizmati ham yoʻlga qoʻyilgan. Kegeyliliklar xonadonida yetishtirgan tuxumlarni klasterning oʻziga sotish orqali daromad manbaiga ega boʻlmoqda.

Maʼlumki, Andijon viloyatida uydan chiqmagan holda daromad topish boʻyicha oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Xalqobod mahallasida ham bu tajribani qoʻllash maqsadida xonadonlarga ishkomlar, kichik issiqxonalar qurib berilmoqda. Andijonlik tadbirkorlar tomonidan kasanachilik koʻrgazmasi tashkil etilib, shu orqali aholini hunarmandchilikka oʻrgatish chorasi koʻrilyapti.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida ekologik muhitni yaxshilash eng dolzarb masalalardan biridir. Shu bois Andijon viloyati faollari “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Kegeylini yashil hududga aylantirish jarayonida bosh-qosh boʻlmoqdalar. Ular tomonidan 200 ming tup terak hamda 10 ming tup tut daraxti koʻchatlari oʻtqazilyapti.

Andijon viloyati hokimi Kegeyli tumanida iqtisodiy-ijtimoiy vaziyatni yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi yangi loyihalar bilan ham tanishib, ularni roʻyobga chiqarish chora-tadbirlari yuzasidan tadbirkorlar bilan oʻzaro fikrlashdi. Bir soʻz bilan aytganda, Qoraqalpogʻistonga vodiy nafasini olib kirish uchun barcha choralari koʻrilyapti.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер