Kavrakni sanoat usulida qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida eksport qilish hajmi oshadi
Dunyo miqyosida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining taxminan 50 foizi dorivor oʻsimliklardan tayyorlanadi. Mamlakatimizda ham dorivor oʻsimliklarni yetishtirish, qayta ishlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq eksportbop va yuqori qiymatga ega hisoblangan kavrakdan nazoratsiz, rejasiz va notoʻgʻri foydalanilayotgani tufayli bu dorivor oʻsimlikning tabiiy tarqalgan maydonlar borgan sari qisqarmoqda. Yurtimizda 2015-yilda 54 ming gektar yer maydonida kavrak oʻsgan boʻlsa, hozirda bu maydon 13,5 ming gektarga qisqargan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda alohida taʼkidlandi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, bugun ichki bozorda ham, tashqi bozorda ham kavrakka boʻlgan talab oshib borayotgani bois, bu oʻsimlikni madaniy usulda koʻpaytirish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini kengaytirish zaruratini tugʻdiryapti. Qolaversa, mamlakatimizda ushbu oʻsimlikning taqdiri ham xavf ostida turibdi.
Fraksiya aʼzosi Sherzod Rahimovning aytishicha, hozirgi kunda respublikamizda yovvoyi holda oʻsuvchi kavrakning tabiiy zaxiralarini saqlab qolish, ularning tiklanishini taʼminlash, kavrakning madaniy plantatsiyalarini yaratish, shuningdek, ipakchilikni yanada rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur qonun bilan “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunga Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasiga uning doimiy foydalanishida boʻlgan yaylov yerlarida oʻsadigan yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligidan maxsus foydalanish hamda uni Oʻzbekistondan olib chiqish uchun ruxsatnoma berish vakolati nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilyapti.
Shuningdek, Soliq kodeksiga Yaylov xoʻjaliklarini rivojlantirish uyushmasi subyektlarda faoliyatni amalga oshirayotgan mavsumiy ishchilar tomonidan 1 foiz miqdordagi soliq stavkasi boʻyicha ijtimoiy soliq toʻlanishini, shuningdek, soliq toʻlovchilarning ipak qurti urugʻini va pillani yetishtirishdan, pillani qayta ishlashdan, tayyor ipak mahsulotlari va ipakchilik tarmogʻi uchun yordamchi materiallar (pilla oʻrash uchun sunʼiy tutqichlar) ishlab chiqarishdan olingan daromadlari aylanmadan olinadigan soliq toʻlovidan ozod etilishini nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, ushbu hujjat respublikamizdagi yovvoyi holda oʻsuvchi kavrak oʻsimligining tabiiy zaxiralaridan oqilona foydalanilishini va ularning tiklanishini taʼminlashga, kavrakni sanoat usulida qayta ishlash hamda tayyor mahsulot sifatida eksport qilish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Qizgʻin baxs-munozaralar, savol-javob va tortishuvlardan soʻng, qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring