Kattaqoʻrgʻonga qariyb 7,7 mlrd. soʻmlik traktorlar keltirildi
Paxta toʻqimachilik klasterlari tomonidan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishda sohaga innovatsion asosda yondashilmoqda. Shu maqsadda qishloq xoʻjaligi texnika vositalari parkini zamonaviy texnikalar asosida shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Yaqinda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumaniga “AMINA GOLD INBEST” MCHJ tomonidan 20 dona umumiy qiymati 7 milliard 651 million 626 ming soʻmlik zamonaviy haydov traktorlari keltirildi.
Kezi kelganda taʼkidlash lozimki, “AMINA GOLD INBEST” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan joriy yilda 6 ming 413 gektar yer maydoniga chigit ekilgan boʻlib, 18 ming 639 tonna sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda tumandagi 150 ta fermer xoʻjaliklari bilan kontraktatsiya shartnomalari imzolangan. Ayni kunlarda bu yerda 100 ga yaqin mahalliy yoshlar mehnat qilishmoqda. Yangi zamonaviy haydov traktorlari olib kelinganligi munosabati bilan qoʻshimcha 40 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
Ayni kunlarda haydov traktorlari Respublika Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmuyi ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Kattaqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan roʻyxatga olinib, maxsus sertifikatlar berilmoqda.
Muallif: Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring