Kattaqoʻrgʻon shahrida “Ishga marhamat” monomarkazi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Samarqand viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi tasarrufida yana bir kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Markazning tantanali ochilish tadbirida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri maslahatchisi Bahodir Umrzoqov, viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, shahar va tuman hokimlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, bunday markazlarni tashkil qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad nafaqat ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga oʻqitib, sertifikat berish, balki ularni mehnat bozorida raqobatbardosh kasbni oʻzlashtirgan, yuqori malakali mutaxassis sifatida yetishtirib chiqarishdir.

Ushbu zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish markazining qurilish bunyodkorlik ishlariga 6 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan. Bu yerda Kattaqoʻrgʻon shahri, Paxtachi, Narpay, Kattaqoʻrgʻon, Nurobod tumanlarining ishsiz fuqarolari kasb-hunarga oʻqitiladi.

Band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi mazkur markazda fuqarolarni 30 ta kasb va chet tillarga oʻqitish orqali mutaxassislar tayyorlanadi. Monomarkazda ishsiz fuqarolar 16 ta xizmat koʻrsatish, 8 ta texnik, 4 ta qishloq xoʻjaligi va 2 ta raqamli texnologiya yoʻnalishi, shuningdek 4 ta xorijiy tillar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitiladi.

Markaz bir vaqtning oʻzida 500 nafar oʻquvchini qamrab olish imkoniyatiga ega. Yillik quvvati 2000 nafar oʻquvchi oʻrniga moʻljallangan boʻlib, kasblarning murakkablik darajasi asosida ishlab chiqiladigan oʻquv dasturlariga muvofiq oʻqitish davri 2 oydan 6 oygacha boʻladi.

Bitiruvchilarga egallagan bilimlariga qarab mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan hamda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi diplomi darajasiga tenglashtirilgan sertifikat beriladi.

Ushbu markaz faoliyatini yoʻlga qoʻyilishi viloyatdagi ishsiz aholining bandligini taʼminlashga, kelgusida hayotda oʻz oʻrnilarini topishlariga xizmat qiladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring