“Kattabog‘”da katta o‘zgarishlar yuz bermoqda
Foto: “Xalq so‘zi”
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev shu yilning 1-2 iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Sherobod tumanidagi “Kattabog‘” mahallasida ham bo‘lib, kattabog‘liklarning turmush sharoiti bilan tanishgan, mahallaning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash, aholi daromad manbaini ko‘paytirish bilan bog‘liq muhim topshiriqlar bergan edi. Shunga binoan o‘tgan salkam yarim yil ichida ushbu mahallada jadal surʼatda qurilish ishlari amalga oshirilib, hozirda Yoshlar markazi, maktabgacha taʼlim tashkiloti va mahalla markazi binolari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan taqdimot marosimida Surxondaryo viloyati hamda tuman hokimligi vakillari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmasi masʼullari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mahallada barpo etilgan Yoshlar markazida o‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Raqamli texnologiyalar, elektron tijorat, dasturlash asoslari bo‘yicha o‘quv kurslari, baxshichilik va xorijiy til bo‘yicha ham mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yildi. Markaz qoshidagi kutubxona esa kitobsevar yoshlarning eng sevimli maskaniga aylanishi shubhasiz.
“Kattabog‘”ning ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlab turgan 120 o‘rinli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida ham tarbiyalanuvchilar uchun barcha qulayliklar muhayyo qilindi. Kichkintoylar bilan mashg‘ulotlarni interfaol usulda amalga oshirish, taʼlim-tarbiya ishlarini davr talablariga hamohang tarzda olib borish uchun malakali mutaxassislar jalb etildi.
Xuddi shuningdek, “Kattabog‘” mahallasi binosi zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘ldi. Bu yerda fuqarolarni qabul qilish, ularga qisqa muddatda xizmat ko‘rsatish, tuman tashkilotlari bilan bog‘lanish, kutish xonalari mavjud bo‘lib, aholini kasbga o‘qitish markazi ham faoliyat boshladi. Endilikda mahallada “Temir daftar”larga kiritilgan yoshlar va ayollar talabgor sohalar bo‘yicha mutaxassislar tomonidan shu joyning o‘zida o‘qitiladi va ularning bandligini taʼminlash choralari ko‘riladi.
Ilhom RAHMATOV, "Xalq so‘zi" muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring