Katta miqdordagi isteʼmolga yaroqsiz alkogol va tamaki “osmondan” tushdimi?
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning saʼyi harakatlari bilan Samarqanda, Andijon va Namangan viloyatlarida isteʼmolga yaroqsiz alkogol, rangli printerda tayyorlangan aksiz markalar va tamaki mahsulotlari fosh qilinib, ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi. Bu haqda departamentning axborot xizmati maʼlum qilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bulungʻur tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “E.R.” xususiy firmasining savdo doʻkonida umumiy bahosi 199,5 mln soʻmlik hech qanday hujjatsiz 40 turdagi 5 433 dona alkogol hamda 13 turdagi 1440 quti tamaki mahsulotlari sotuvga qoʻyilganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Andijon viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida tadbirda esa Shahrixon tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor B.N.ning savdo doʻkoni va yordamchi xoʻjaligidan 27 turdagi jami 735 dona alkogol va 377 quti tamaki mahsulotlari hamda 4656 dona rangli printerda tayyorlangan aksiz markalar topildi.
Yana bir holat Namangan viloyatining Davlatobod va Kosonsoy tumanida fosh qilindi. “Ch.G.” MCHJ hamda “M.U.” xususiy korxonasiga qarashli alkogol mahsulotlari savdo doʻkonidan jami 190 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Bosh prokuratura huzuridagi departament mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilayotganini bildirdi.
Departamentning tez-tez bunday noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlarining ushlanishi quvonarli hol, albatta. Shunga qaramasdan, bitta savol paydo boʻladi. Katta miqdordagi isteʼmolga yaroqsiz alkogol va tamaki “osmondan” tushdimi?
Masalan, iyun oyining boshidan beri 31 ming 987 dona alkogol mahsuloti aksiz markalarisiz sotuvga chiqarilishining oldi olindi. Bu departamentning xushyorligidan dalolat beradi, ammo shuncha aksiz markalarisiz alkogol qayerdan paydo boʻldi?
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning viloyatlardagi isteʼmolga yaroqsiz alkogol, soxta aksiz markalar va tamaki mahsulotlari fosh qilishi natijalar bilan kurashning koʻrinishidir. Ushbu yaroqsiz alkogol mahsulotlarini tayyorlash joylarini fosh qilish, chegaradan oʻtayotganda toʻxtatib qolish koʻproq natijalar olib kelishi mumkin.
“Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda ularning noqonuniy aylanmasining oldini olish chora-tadbirlarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-84 son, 03.06.2024-y.) qabul qilingach ishlar jadallashdi. Xususan, farmonga koʻra, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qoshida Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi (Inspeksiya) tashkil etilishi belgilangandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring