Kasbim sharafidan faxrlandim
Yuksak mukofot – “Shuhrat” medali koʻksimga taqilganda oʻqituvchilik kasbi naqadar sharafli ekanini yana bir bor his qildim. Shu bilan birga, beixtiyor ushbu ulkan eʼtirofga munosib topilgan kamtarona mehnat faoliyatimni xayolan sarhisob qildim.
Fizika fanidan dars berayotganimga 25-yil boʻldi. Oʻtgan yillar mobaynida oʻquvchilarga sifatli va samarali saboq berishga intilish bilan birga, oʻz yoʻnalishimda yangiliklar yaratishga, taʼlimda ijodkor boʻlishga harakat qilib kelyapman. Jumladan “Fizika darslarida hayotiy misollar va kundalik turmushda uchraydigan fanga tegishli muammolarni tushuntirish orqali samaradorlikni oshirish” metodidan samarali foydalanishim oʻz natijasini berdi. Ayni hayotiy misollar tufayli oʻquvchilarning fizikaga oid bilimlarni oʻzlashtirish samaradorligi yuqori boʻlmoqda. Zero, ming eshitgandan bir koʻrgan afzal degan naql ayni dars jarayonlarida ham oʻz ifodasini topmoqda. Natijada, maktabimiz yuqori sinf oʻquvchilaridan fan olimpiadalarda ishtirok etib, aʼlo natijalarni qoʻlga kiritayotganlar safi yil sayin koʻpaymoqda.
Dars jarayonida oʻzim yaratgan 300 dan ortiq koʻrgazmali qurol va oʻquvchilarim bilan yasagan 50 dan oshiq model va maketlardan foydalanamiz. Shuningdek “Yosh fiziklar” toʻgaragimiz ham bor.
Shuni mamnuniyat bilan aytamanki, hozirda shogirdlarim Sh.Jumaboyeva va D.Oʻrinboyev Mirzaobod tumanidagi umumtaʼlim maktablarida fizika fanidan dars berib kelmoqda. Fizika fanidan aʼlo oʻqiganligi tufayli bir necha oʻquvchilarimiz oliy taʼlimning texnik va fizikaga oid boshqa yoʻnalishlarida tahsil olmoqda.
Prezidentimiz tomonidan kuni kecha oʻtkazilgan selektorda mamlakatimiz taʼlim tizimi samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qator vazifalar belgilab berilishi barobarida soha xodimlarining mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha ham bir necha chora-tadbirlar ishlab chiqilayotganligi aytildi. Xususan, kelgusi oʻquv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yoʻlga qoʻyilishi va ushbu mexanizm orqali pedagoglarning moddiy manfaatdorligini amaldagidan sezilarli darajada oshirilishi taʼlim samaradorligini yanada koʻtarishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Oybek ROZIQOV,
Mirzaobod tumanidagi 21-maktab oʻqituvchisi,
“Shuhrat” medali sohibi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring