“Karyera kuni”: talabalarga 3 mingga yaqin ish oʻrinlari taklif etildi
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talaba-yoshlar uchun “Karyera kuni” axborot-tanishtiruv tadbiri oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiya vazirligi, Chilonzor tuman hokimligi, Markaziy bank hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda mulkchilikning turli shaklidagi 197 ta tashkilot va muassasa tomonidan 3 mingga yaqin ish oʻrinlari taklif etildi.
“Karyera kuni”da ish beruvchi vazirlik, muassasa, tashkilot hamda korxonalarga universitet tomonidan talabalar toʻgʻrisida maʼlumotlar taqdim etildi. Jumladan, joriy oʻquv yilida universitetni tamomlayotgan 4960 nafar (bakalavriat bosqichida 1894 nafar, magistratura bosqichida 599 nafar, qoʻshma taʼlim dasturida 380 nafar, ikkinchi oliy taʼlimda 1499 nafar va sirtqi taʼlim shaklida 588 nafar) bitiruvchilar haqidagi maʼlumotlar ish beruvchilar eʼtiboriga havola qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida tijorat banklari, xalqaro ekspertlar hamda yirik kompaniya vakillari tomonidan mahorat darslari oʻtkazildi.
“Karyera kuni” axborot-tanishitiruv tadbiri yakunlari boʻyicha ish beruvchilar tomonidan 3500 dan ortiq talabalar bilan suhbatlar oʻtkazilib, ularning 736 nafariga ishga joylashish boʻyicha, 1500 ga yaqin talabalarga esa amaliyot oʻtash uchun yoʻllanmalar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida innovatsion hamkorlik doirasida muammoli mavzular boʻyicha tadqiqotlar olib borish, oʻquv rejalariga amaliyotchi mutaxassislar takliflarini eʼtiborga olgan holda oʻzgartirishlar kiritish, talabalarning malakaviy amaliyoti va tajriba oshirishini tizimli ravishda tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Jumladan, amaliyotchi mutaxassislarni dars mashgʻulotlariga jalb qilish, bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini korxona va tashkilotlar taklifini hisobga olgan holda tayyorlash jarayonlari muhokama qilindi.
Xususan, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratbay Sharipov hamda “Garant bank” AJ Boshqaruv raisi Abror Muhamedxonov hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida kengaytirilgan, bank amaliyoti hamda taʼlimning nazariyasini integratsiyalashtiradigan memorandum imzoladilar.

Bundan tashqari, “ROZMETOV Z.M” MCHJ Ijrochi direktori Zafar Roʻzmetov tomonidan talabalar uchun korxona boshlanishi va faoliyati haqida master-klass oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar korxona faoliyati tarixi, hozirgi vaqtda bozordagi oʻrni va olib borayotgan faoliyati bilan tanishtirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring