“Karyera kuni” — institut bitiruvchilari uchun ajoyib imkoniyat

12:06 24 Aprel 2025 Jamiyat
270 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand davlat chet tillar institutida bitiruvchi bosqich talabalarini ish joylariga taqsimlash maqsadida “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi oʻtkazildi.

Tadbirda institut rektori B. Xoliqov va asosiy ish beruvchi tashkilot — Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi M. Hamdamov mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining ahamiyati, taʼlim sifatining oshishiga qaratilgan eʼtibor, kelajagimiz vorislari uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar haqida soʻz yuritdi.

2024-2025 oʻquv yilida Samarqand davlat chet tillar institutida 3479 nafar yigit-qiz bakalavr yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligini bitirmoqda. Samarqand viloyatidagi 100 ga yaqin ish beruvchi korxona va tashkilotlar, boʻlim va boshqarmalar ishtirok etgan “Karyera kuni” tadbirida institut bitiruvchilari boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishdi va ish beruvchi tashkilotlar masʼullari bilan shartnomalar imzolashdi.

Yoshlarning professional rivojlanishiga hissa qoʻshish va boʻlgʻusi mutaxassislarning ishga joylashishiga koʻmaklashish uchun tashkil etilgan mazkur tadbirda ish beruvchi tashkilotlar bitiruvchilarga oʻzlaridagi 1000 ga yaqin boʻsh ish oʻrinlari hamda amaliy tajriba imkoniyatlarini taklif etishdi.

Samarqand davlat chet tillar institutining 270 nafar bitiruvchisi va 18 nafar uchinchi bosqich talabasi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tasarrufidagi taʼlim muassasalari, “Air Marakanda” va boshqa korxonalarga ishga joylashish boʻyicha shartnomalar imzolashdi.

“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi doirasida oʻtkazilgan matbuot anjumanida dastlab institut rektori B. Xoliqov ilm dargohida amalga oshirilayotgan islohot va yangiliklar, institut mehnat jamoasi oldida turgan vazifalar, taʼlim sifati va samaradorligini oshirish borasidagi tashabbuslar, xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ish beruvchi tashkilotlar bilan oʻrnatilgan aloqalar hamda istiqboldagi rejalar haqida maʼlumot berdi.

Shundan soʻng institut talabalari, bitiruvchilar va ish beruvchi korxona va tashkilotlar uchun birday imkoniyat yaratib bergan “Karyera kuni” tadbiri, undan koʻzlangan maqsad va vazifalar hamda tadbir natijalari xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер