Karantin davrida tadbirkor yutqazmaydi
Mamlakatimizda COVID-19 infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasida zarur choralar koʻrilmoqda. Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish borasida eʼtiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 3-aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida xalqimizga qilgan murojaati zimmamizga katta masʼuliyat yuklaydi.
Albatta, yuzaga kelgan vaziyat maʼlum maʼnoda ishlab chiqarishga oʻz taʼsirini koʻrsatishi mumkin. Biroq shunday ogʻir vaziyatda fuqarolarning daromadlari kamayib ketmasligi, ishlab chiqarish korxonalarining barqaror ishlashi katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy taʼsirini yumshatish va tadbirkorlarni faol qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim Farmon va qarorlar qabul qilindi. Bu esa tadbirkorlar uchun qator qulayliklar yaratildi.
Jumladan, “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot
tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonga koʻra, karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatildi. Bunda faoliyatni toʻxtatganlik toʻgʻrisida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnomani topshirish talab etilmaydi. Aytish mumkinki, ushbu imtiyoz tadbirkorlarga katta koʻmak boʻladi.
Tizimdagi eng muhim oʻzgarishlardan biri turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod etildi. Ularga ijtimoiy soliq stavkasi hozirgi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
Yaratilgan yana bir qulaylik, tushumi oʻtgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer, mulk va ijtimoiy soliqlar hamda suv soligʻini toʻlash muddati shu yil 1-oktyabrga qadar kechiktirildi.
Bugun aksariyat tadbirkorlik subyektlari moliya muassasalari tomonidan berilgan kredit hisobiga faoliyat yuritayotgani sir emas. Amaldagi qonunchilik berilgan mablagʻni vaqtida qaytarishni talab etadi. Shundan kelib chiqib, bu masalaga ham alohida eʼtibor qaratildi. Hozirgi kunda tadbirkor olgan kredit stavkasi 24 foizgacha boʻlganda uning 8 foizini jamgʻarma qoplab berar edi. Endi kredit stavkasi 28 foizgacha boʻlganda ham uning 12 foizini davlat qoplaydi.
Muxtasar qilib aytganda, bugun tadbirkor qonun himoyasida. Iqtisodiy sohada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi. Ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtish uchun tashabbuskorlardan yana-da faollik talab etiladi. Bu nafaqat daromad va iqtisodiy yuksalishga, balki ayni vaqtda aholi bandligini taʼminlashga ham xizmat qiladi.
Matlubaxon GʻANIYEVA, Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring