Karantin davrida ham beshta muhim tashabbus amalda
Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Ular qanchalik maʼnaviy barkamol boʻlsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shunchalik kuchli boʻladi. Maʼlumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha beshta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.
Oliy Majlis Senati tomonidan bu borada maxsus Konsepsiya tasdiqlanib, unda belgilangan chora-tadbirlar dasturidagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borilmoqda.
Xususan, yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, isteʼdodlarni yuzaga chiqarish, ularni jismoniy chiniqtirish, sport sohasida qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratish, aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish hamda xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish yoʻlga qoʻyildi. 2020-yilga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturining ijrosini taʼminlashga tegishli vazirlik va idoralar masʼul etib belgilandi.
Aytish joizki, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi beshta muhim tashabbusini amaliyotga tatbiq etishda Senatga yuklangan vazifalarni muvofiqlashtirish uchun masʼuldir.
Dunyo hamjamiyatini sergaklikka chorlagan pandemiya davrida aholi, ayniqsa, yoshlarning boʻsh vaqtlarini uyda qolgan holda unumli oʻtkazish borasida koʻplab ishlar qilinmoqda. Tegishli vazirliklar tomonidan aholi va yoshlar oʻrtasida, shuningdek, barcha Oliy taʼlim muassasalarida “Beshta muhim tashabbus amalda” shiori ostida tanlov va musobaqalar eʼlon qilinganligi ayni muddao boʻldi. Virtual aloqa, elektron dunyo kabi tushunchalar bugun bu jarayonga ham singib ketdi, deya olamiz. Sodda qilib aytganda, karantin davrida ham beshta muhim tashabbus amalda oʻz ifodasini topmoqda.
Yoshlarimiz qalbida Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻusini shakllantirish, ularning jamiyatda munosib oʻrin topishi, uy sharoitida iqtidorini namoyon etish uchun bunday onlayn tanlovlar, albatta, oʻz samarasini beradi.
Baxtiyor SAYFULLAYEV,
Oliy Majlis Senati
Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qoʻmitasi raisi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring