Kanada yaqinida Ispaniya kemasi halokatga uchradi. Qurbonlar bor
Foto: vesselfinder.com
Kanada qirgʻoqlarida Ispaniyaning baliqchi kemasi halokatga uchradi. Hozircha voqea joyida 10 kishining jasadi topilgan. Kemada jami 24 nafar dengizchi boʻlgan.
Dastlab yetti kishi halok boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq Kanada va Portugaliya kemalari tomonidan yana uch kishining jasadi suvdan olib chiqilgan. Qutqaruvchilar qolgan baliqchilarni qidirishda davom etmoqda.
“Hozirgacha 3 nafar tirik qolgan va oʻn nafar halok boʻlganlarning shaxsi aniqlandi”, deyiladi Kanada dengiz qutqaruv xizmati maʼlumotida.
Ispaniyaning “Villa de Pitanxo” nomli kemasi Terra-Nova (Kanada) orolidan 450 kilometr uzoqlikda choʻkib ketgan. Fojia yuz bergan vaqtda kemada 24 kishi bor edi. Ulardan 16 nafari Ispaniya, besh nafari Peru va uch nafari Gana davlati fuqarolari hisoblanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring