Kalavaning chuvalgan uchi

"Rahbar bo’lsang, kitob o’qi" ma’naviy-ma’rifiy loyihasi doirasida
“Detektiv” inglizcha “ochish” ma’nosini anglatib, lug’atlarda og’ir jinoyatlarni tergov qiluvchi mutaxassisga aytiladi. Adabiyotda nasriy janrning bir turi detektiv deb atalib, unda ham murakkab jinoiy ishni ochish tafsilotlari bayon etiladi. Asl kasbi huquqshunos, yuridik fanlar doktori Komil Sindarov badiiy ijod olamiga kirib kelganiga o’n yildan sal oshgan bo’lsa-da, navbatdagi asari — “Kechikkan qasos” detektiv romanini kitobxonlar zo’r ishtiyoq bilan qarshi olishdi.
Detektiv asarning boshqa janrlardagi bitikdan farqi shuki, u yozuvchining mahorati hisobiga kitobxonning uzluksiz diqqatini jalb etib, voqealar boshidagi tugunning echilishigacha qiziqtirib turadi. Nafaqat muallif yoki qahramonlar, hatto muammolar ijobiy echim topishidan umidvor kitobxon ham o’zini izquvar o’rnida tasavvur qiladi.
“Kechikkan qasos” romanining ilk sahifalarida bank boshqaruvchisi Zuhriddin Tog’aevni vahshiylarcha o’ldirib, tanasini yoqib, suyaklarini qabristonga ko’mib ketishadi. Chetdan qaraganda, tinch-osoyishta yashayotgan oila birin-ketin emirilib borayotgani hammani ajablantiradi. Avval xonadon bekasi “kasallikdan” vafot etadi. So’ng o’g’li avtohalokatga yo’liqadi. Bankirning fojiasidan keyin boshqa joyda yashayotgan qizi norasida go’daklar bilan dunyodan ko’z yumadi. Nega bu oila tutday to’kildi? Tasodifmi yoki allakimning fe’li-a’moli oqibatimi?
Poytaxtdan kelgan tergovchilar mahalliy hamkasblari bilan bu chigal ishning asl sabablarini topishlari, haqiqiy aybdorlarni qonun oldida javobgarliklarini ta’minlashlari talab etilardi. Agar masalaga keng va chuqur yondashilmasa, ayrim holatlarga baxtsiz hodisa sifatida nuqta qo’yish hech gap emas.
Yozuvchi ushbu asarda tergovchilarning mashaqqatli mehnatini, har qanday sharoitda ham bilim va tajriba hisobiga sarflagan mahoratini jonli lavhalarda ko’rsatib bergan. Gumondorlar va guvohlar bilan muloqot qilganda har kimning fe’li hamda dunyoqarashiga qarab suhbat qurishadi. Kimlar bilan muloyim ohangda, boshqalar bilan qat’iy va jiddiy tilda gaplashishga to’g’ri keladi. Jinoyat ishini fosh etishda o’nlab taxminlar ishlab chiqiladi. O’rganish asnosida bu ro’yxatga yangi yo’nalishlar qo’shilishi yoki qisqarishi mumkin.
Kitobxon asarni o’qish mobaynida echimning tezroq yakunlanishini istaydi, lekin bir yo’nalish tugay deganda boshqa muammo paydo bo’lib, kalavaning uchi chuvalanib ketadi. Tergov degani qiziq bo’larkan, voqealar rivojida qilni qirq yoruvchi yuristlar bir nechta holatlarda asosiy qotil bilan suhbatlashadi, lekin bu haqda xayollariga ham keltirishmaydi. Jinoyatchi esa turli bichib-to’qilgan ko’rsatmalar orqali tergovchilarni chalg’itadi.
Bitta jinoyat ishni fosh etish yo’lida necha-necha taqdirlar hayotiga duch kelinadi. Ba’zan oddiy savolga javob topish uchun yigirma yil oldin ro’y bergan “delo” o’rganiladi va o’shanda yo’l qo’yilgan xatolar aniqlanadi. Keyin ma’lum bo’lishicha, o’sha chalkashlik necha-necha insonlarning hayotini o’zgartirib yuboradi.
Tergovning “oltin qoidasi” shundan iborat ekanki, asl aybdorni topish, uni munosib jazoga tortish shuning uchun ham muhimki, toki begunoh odam adolatsizlik qurboni bo’lmasin, shu zaylda haqiqiy aybdor ozodlikda yurmasin. Shunga yo’l qo’yilsa, yana yangi jinoyatlar urchishi, eng muhimi, adolatga nisbatan ishonchsizlik odamlar qalbini zahalashi mumkin.
Hayotimizda turli kasb-korlar bor. Zavod ishchisi har kuni dastgohi yonida faoliyat ko’rsatishi, dehqon dalasida ter to’kishi oddiy voqeadek. Tergovchi esa zimmasiga yuklatilgan vazifani ado etishi uchun tunni tongga, kunni oqshomga ulaydi. Ba’zan oylab mehnat qilib ham tayinli natijaga erisholmaydi.
Asardagi voqealar shu qadar shiddat bilan kechadiki, ko’z o’ngimizda hayotning quvonch va tashvishlari ro’yi-rost namoyon bo’ladi. Kitobxon ezgu g’oyalarning yaxshi samara berishini, yovuz niyatlar ushalmasligini ich-ichidan istaydi. Lekin hayotning shafqatsiz mashinasi har qanday tekislikni ham majaqlab tashlaydi. Yozuvchi ana shu hayot manzaralarini real kartinalar orqali aks ettirish yo’lidan boradi. Zuhriddinni bu qadar shafqatsiz o’ldirish faqat uning ashaddiy dushmani tomonidan amalga oshirilishi yurist bo’lmagan odamga ham ayon. Lekin kim o’sha dushman? Bu savollarga javob izlash uchun bankir faoliyati davomida ro’y bergan ixtiloflar, kelishmovchiliklar tahlil qilinadi. Aniqlanishicha, Xolmatboy degan shaxs Zuhriddin bilan janjallashgan, natijada bir-birlariga ters bo’lib qolgan.
Shuni hisobga olgan qotil tergovni chalg’itish uchun qabriston tuprog’i yopishgan kalishni Xolmatboyning hovlisiga bildirmay tashlab ketadi. Ustiga-ustak xayoli savdoyi bo’lib qolgan Xolmatboy qotillikni bo’yniga oladi. Tergov guruhi Faxriddin Karimovich shunchalik yaqqol dalillar bo’lsa-da, Xolmatboyning shunday ishni qilganiga ichki sezgisi bilan ishonmaydi va tergovni davom ettiradi.
Zuhriddin yigirma yillar ilgari Zominda sovxoz direktori bo’lib ishlagan edi. Tergovchilar o’sha yillarda ro’y bergan jinoiy ishlar bilan tanishib chiqadi. Maktab direktorini kimlardir tuhmat bilan qamatib yuboradi. Mahbus qamoqda vafot etadi. Ko’p o’tmay, direktorning ayoli o’zini osadi. O’g’lini mashina urib ketadi. Yolg’iz qizini bolalar uyiga topshirishadi. Norasida qiz 13 yoshida bolalar uyidan qochadi. Shu bilan iz yo’qoladi.
Tergovchilar shundan keyingi zanjirning izidan borib, o’sha qizgina aynan Zuhriddinning uyidagi o’zini kar va soqovlikka solgan Zubayda ekanligini aniqlashadi. Holbuki, ular qotilni aniqlash maqsadida Zubayda bilan bir necha bor gaplashishgan. O’sha zahoti Zubayda (uning asl ismi Mayram)ni qidirib, uyga borishsa, kech qolishibdi. Bu orada Mayram Zuhriddinning harom yo’llar bilan topgan pullarining katta qismini bolalar uylariga hadya qilib ulguribdi.
Tegishli nuqtalardan ma’lum bo’lishicha, gumondor Sharjaga uchish uchun chipta olibdi. Tergov guruhi ob’ektni samolyot saloniga joylashgandan keyin “Siz qotillikda ayblanasiz”, deb qo’liga kishan solibdi.
20 yilga yaqin kar-soqov bo’lib yurgan Mayram tilga kirib ko’rgazma beradi. Kitobxon haq joyidan qaror topganligidan ko’ngli joyiga tushadi.
Romanni o’qish asnosida halol, kamtar, ezgu niyatli odamlar yaxshi samaralardan bahramand bo’lishiga, g’irrom, xaromxo’r, yolg’onchi odamlar oxir-oqibatda o’z jazosini olishiga hayotiy lavhalarda ishonch hosil qiladi. Romanning tarbiyaviy ahamiyatini shunda desak, o’rinli bo’lur edi. Hayotda har kim ekkanini o’radi, degan dono haqiqat asar qahramonlari taqdirida namoyon bo’lgan.
Komil Sindarov she’riyat olamida bir-biridan o’qishli, jozibador she’rlari bilan muxlislar ko’nglini xushnud qilib kelardi. Muallifning detektiv janrdagi ijodi ham muvaffaqiyatli chiqayotganligini ta’kidlash biz uchun yoqimlidir.
Shuhrat JABBOROV,
O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan jurnalist.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring