Kadrlarni shaffoflik mezoni asosida ishga qabul qilish boʻyicha yangi loyiha ishlab chiqilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi mavjud vakant oʻrinlarga ochiq mustaqil tanlov oʻtkazilmasdan va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan kelishilmagan holda xodimlar ishga qabul qilinayotganligi boʻyicha turli xabarlar tarqalmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qiladi.
Vazirlik faoliyatini tubdan isloh qilish, ayniqsa, kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatini takomillashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda Markaziy apparat va tizimdagi quyi tashkilotlar faoliyatini bugungi kun talablariga muvofiq shakllantirish, tajribali va kreativ fikrlaydigan kadrlarni tizimga jalb qilishga qaratilgan tashkiliy tuzilma loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Ushbu loyiha tasdiqlangandan soʻng barcha lavozimlarga Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda ochiq tanlov eʼlon qilinadi va kadrlar shaffof tarzda tanlab olinadi.
Yangilangan tashkiliy tuzilma loyihasi tasdiqlangunga qadar vakant lavozimlarga rahbar va xodimlar ochiq tanlov asosida gʻolib aniqlangan kungacha vazifa bajaruvchi etib tayinlanmoqda.
Ochiq tanlov oʻtkazilgandan soʻng uning natijalari belgilangan tartibda eʼlon qilib boriladi.
Shu bilan birga, quyi tibbiyot tizimiga xodimlarni shaffoflik mezoni asosida ishga olish, rezyumelarni elektron navbat boʻyicha qabul qilish borasida vazirlik tomonidan tegishli ishlar olib borilayotgani maʼlum qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring