Kadastr sohasida oid murojaatlar oʻz yechimini topmoqda

10:50 19 Yanvar 2023 Jamiyat
772 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimining samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunda har bir vazirlik va idora oʻz yoʻnalishida eng koʻp kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilib, samarali va aniq yechimlarni topishga, haqchil va xalqchil chora-tadbirlarni amaliyotga tatbiq etishga harakat qilayotgani eʼtirofga molikdir.

Oʻrganishlardan maʼlumki, kadastr sohasida oid murojaatlar yaqin-yaqin vaqtgacha faqat tushuntirish berish bilan chegaralanib kelingani odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan edi. Endilikda esa murojaatlarga nisbatan bunday yuzaki va bir yoqlama yondashuvlardan tamomila voz kechilib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga ustuvor eʼtibor qaratilmoqda.

Andijon viloyati Xoʻjaobod tumanida istiqomat qiluvchi M. Qodirova oʻzi istiqomat qilayotgan turar joyning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish muhimligini bilgani zahoti ishga kirishdi. Moddiy taʼminotdan imkoniyati cheklangani bois zarur toʻlovni amalga oshirishga kelganda, chorasiz qoldi. Bu masala shu tariqa yillar davomida muammoligicha qolib ketdi. Lekin yaqinda uning mavjud vaziyatni koʻrsatgan holda kadastr idorasiga qilgan murojaati qisqa fursat ichida ijobiy yechim topib, fuqaroning mulk huquqi kafolatlandi.

Andijon tumanida yashovchi M. Mamajonov esa sport maydonchasini barpo etish orqali yosh avlod kamoloti yoʻlida munosib ishtirok etishni xohladiyu, ammo niyati amalga oshmay qoldi. Bormagan, eshigini qoqmagan idorasi qolmadi hisobi. Tuman kadastr idorasiga qilgan murojaatidan soʻng hammasi izga tushdi.

— Hududlarda kadastr sohasiga oid muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida 2022-yil davomida 2 ming 415-marta sayyor qabul va targʻibot ishlarini tashkil etdik, — deydi Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Akbarov. — Bundan tashqari yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan 5 ming 98 ta murojaat tegishli tartibda oʻrganildi. Boshqarmamizda “Kadastr - xalq xizmatida” shiori ostida samarali tizim yaratilgan boʻlib, murojaatlar bilan ishlashga tajribali mutaxassislarimiz jalb qilingani oʻzining amaliy natijasini bermoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер