Kadastr sohasida har bir muammoning yechimi bor
Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasida fuqarolar murojaatiga boʻlgan eʼtibor tufayli mavjud muammolarning ijobiy yechimi taʼminlab kelinmoqda. Oʻtgan 2023-yil davomida kadastr pasportini tayyorlashga doir 68 ming 407 ta murojaat qabul qilinib, shundan 80 foizi qanoatlantirilganligi, 15 foiziga rad javobi berilib, qolgan qismi ijroga yoʻnaltirilganligining oʻziyoq bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻlik keng ekanligidan dalolatdir.
— Kadastr masalasi har bir kishiga aloqador mavzu, — deydi boshqarma boshligʻi Dilshodbek Akbarov. — Joylarda bu borada kamchiliklar yoʻq emas. Fuqarolar orasida oʻz mulkiga tegishli boʻlgan kadastr pasportini rasmiylashtirishni paysalga solish holatlari koʻplab uchramoqda. Shu bois yil davomida mavzuga doir targʻibot ishlari tashkil etilyapti. Murojaatlar soni kundan-kunga ortib borayotgani esa ana shu tadbirlarning ijobiy samarasi, deb bilaman. Boisi, hamyurtlarimizning kadastr sohasiga oid bilimlari yanada shakllanib boryapti. Bu esa mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etishning asosiy jihatlaridan biridir.
Baliqchi tumanidagi Sherobod mahallasida istiqomat qiluvchi Hamidullo Odilov yer bilan bogʻliq egalik huquqini rasman tasdiqlatib olish maqsadida murojaat qildi. Soʻrovga asosan unga tegishli boʻlgan joy qayta oʻlchanib, qonuniy huquqlari belgilab berildi.
Shahrixon tumani Namozgoh mahallasida faoliyat olib boruvchi “Doniyor savdo baraka” xususiy korxonasi masʼullari esa korxonaga tegishli koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishda amaliy yordam soʻrab qilgan murojaati qisqa muddat ichida ijobiy yechim topdi.
— Biz yashab turgan uy rahmatli dadamning nomida edi, — deydi Andijon shahridagi A. Fitrat koʻchasida istiqomat qiluvchi Abdullajon Nazaraliyev. — Dadam olamdan oʻtganiga 15-yil, onamning vafot etganiga esa yetti yil boʻldi. Bu orada turar joyni oʻz nomimga rasmiylashtirish boʻyicha tegishli idoralarga murojaat qildim. Shunda bildimki, menga meros qolgan mulkning kadastr pasporti mavjud emas ekan. Ota-onam olamdan oʻtib ketganligi uchun bu masalaning yechimi ortiqcha vaqt va hujjat talab qilsa kerak, deb, toʻgʻrisi hafsala qilmagan edim. Biroq, boshqarmaga murojaat qilganimdan soʻng ularning yordami bilan hammasi qisqa muddat ichida rasman qayd etildi. Bundan nihoyatda xursandman.
Shu oʻrinda aytish lozimki, soʻnggi yillarda koʻchmas mulkka doir munosabatlarni tartibga solish va qonunchiligimizni mustahkamlash boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2022-yilning 28-noyabr kuni “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining imzolangani sohadagi munosabatlarni tartibga solish, mulkdorlar huquqlarini himoya qilish masalalari davlatimiz tomonidan toʻliq kafolatlanganini bildiradi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring