Yo‘li obodning ko‘ngli obod
Foto: «Xalq so‘zi»
O‘nqir – cho‘nqir yo‘ldan yurmoqning turgan – bitgani azob. Buni ayniqsa, tumanimizdagi “Mustaqillik” mahallasida yashovchilar yaxshi bilishadi. Uzoq yillardan buyon qarovsiz yotgani, qolaversa, chekka hududda joylashgani tufayli mahallaning yo‘li abgor holga kelgan, yog‘ingarchilik kunlarida yurgani yurak betlamay qolgan edi. Bu esa tabiiyki, aholining haqli e’tirozini keltirib chiqarayotgandi.
Nihoyat, bu noxush ahvolga barham berildi. Mahalla hududidan o‘tuvchi 4K 182 umumfoydalanuv avtomobil yo‘lining 2 kilometrga yaqin masofasi “Romitan yo‘llardan muntazam foydalanish” unitar korxonasi yo‘lsozlari tomonidan 527 million so‘m miqdoridagi mablag‘ evaziga asfaltlashtirildi, piyodalar yo‘lakchalari barpo etildi. Yon – atrof obod bo‘ldi.
E’tiborlisi, chekka qishloqlarda yashovchilar ham xalqimizning hech kimdan kam bo‘lmagan holda yashashi yo‘lida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlarni o‘z hayotlari misolida ko‘rib, his etishayapti. Masalan, "Yangihayot q. - Jinkal q. - Mustaqillik q. " umumavtomobil yo‘lining 3,3 kilometrli qismi asfaltlashtirildi. “Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘inidan o‘tuvchi 4K186 umumfoydalanuv avtomobil yo‘lida ham asfaltlashtirish ishlari amalga oshirildi. “Navro‘z”, “Taraqqiyot” mahallalaridan o‘tuvchi yo‘llarda ham shunday yumushlar bajarilmoqda. Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin.
Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022 - 2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risi”dagi qaroriga muvofiq, Kogon tumanida jami 60 kilometrga yaqin yo‘lni asfaltlashtirish ko‘zda tutilgan.
Said MIRZAYЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring