“Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida qanday yangiliklar koʻzda tutilmoqda?
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonini tasdiqlash haqidagi masala koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Adliya vaziri A. Toshqulov maʼruza qildi.
Mazkur masala yuzasidan siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar pozitsiyalari tinglandi. Bildirilgan fikrlardan soʻng, farmonni tasdiqlash masalasi ovozga qoʻyildi va uni tasdiqlash haqidagi qaror qabul qilindi.
Majlisda deputatlar “Yoʻl harakati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda muhokama qilishyapti.
Taʼkidlanganidek, mazkur qonun loyihasida bir qator yangiliklar koʻzda tutilgan. Xususan, loyihada yoʻl harakatini tashkil etishga qoʻyiladigan umumiy talablarga, yoʻl harakatini tashkil etish samaradorligini taʼminlash tadbirlariga, yoʻl harakatini tashkil etishning asosiy koʻrsatkichlariga va texnik vositalariga aniqlik kiritilgan.
Shu bilan birga, yoʻllarda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash, toʻxtab turish joylariga qoʻyiladigan talablar, pulli toʻxtab turish joylaridan foydalanganlik uchun toʻlov undirilmaydigan shaxslar belgilanib olindi.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi huquqni qoʻllash amaliyotida paydo boʻlayotgan tushunmovchiliklarni bartaraf etishga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring