Yigʻilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani koʻrsatib oʻtildi
Yigʻilishda dehqonlarga ekin yerlarini ijaraga berish ishlari ham nomiga tashkil qilingani koʻrsatib oʻtildi.Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi xabar berdi.
Jumladan, aholi yashash joyidan uzoqda joylashgani, suv taʼminoti ogʻirligi sabab 1 ming 157 gektar ekin yerlari tanlovga qayta-qayta qoʻyilmoqda.
Viloyatda ekinlarni yetishtirish uchun xarajatlar 1 sotix yer maydoniga oʻrtacha 220 ming soʻmni tashkil qilib, respublika oʻrtacha koʻrsatkichidan 1,5 barobar koʻp.
Shuningdek, oʻtkazilgan soʻrovlar natijasiga koʻra, 32 foiz yer egalariga tuman hokimligi tomonidan hech qanday yordam koʻrsatilmagan.
Inflyatsiyani jilovlash, bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlashda hokimlar tomonidan koʻrilayotgan choralar ham qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Shu bois, hududida ishlarni lozim darajada tashkil etmagani uchun Fargʻona viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Urinboyev, viloyat soliq boshqarmasi boshligʻi A.Tillavoldiyev, Rishton tumani hokimi S.Soliyev, Margʻilon shahar hokimi A.Ziyavitdinov va soliq boshligʻi T.Xusanov egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.
Shuningdek, viloyat hokimining qurilish hamda investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari, Bagʻdod, Quva va Buvayda tumanlari hokimlariga hayfsan eʼlon qilindi.
Fargʻona shahri hokimi va sektor rahbarlarining lavozimi 3 oy sinov muddati bilan oʻz vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi.
Prezident topshirigʻiga koʻra, viloyatning ishga solinmagan imkoniyatlarini aniqlash va ularni roʻyobga chiqarish boʻyicha har bir tuman va shaharga respublikadan masʼullar biriktirildi.
Ular tomonidan 2 milliard dollarlik qoʻshimcha zaxiralar aniqlandi va tadbirkorlar bilan uchrashib, aniq loyihalar shakllantirildi.
“Agar hokimlar vaqt ajratib, tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning dardiga quloq solsa, tashabbuslarini tinglasa, viloyatdagi tumanlarning barchasi yil yakuniga qadar bemalol kamida 100 million dollardan investitsiya jalb qilishi mumkin”, — dedi davlatimiz rahbari.
Davlatimiz rahbari Quva va Beshariq tumanlari misolida ushbu imkoniyatlarni koʻrsatib oʻtdi.
Jumladan, Quva tumanida yaroqsiz holga kelib qolgan “Quva-2» nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga berish va 9 milliard soʻm investitsiya evaziga zamonaviy uskunalar oʻrnatib, elektr xarajatlarini oyiga 2,5 milliard soʻmdan 360 million soʻmga, yaʼni 7 barobarga qisqartirish mumkin.
Bundan tashqari, “Karkidon” suv ombori atrofida har yili 100 ming nafar sayyoh uchun xizmat qiladigan zamonaviy turizm zonasini tashkil qilish mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring