Izlangan imkon topar

19:55 27 May 2021 Jamiyat
994 0

Imkoniyati cheklangan yosh avlod vakillarining jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, iqtidorini namoyon etishi uchun shart-sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatning asosiy yoʻnalishlaridan biridir.

Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Najot taʼlim” oʻquv markazi hamkorligida tashkil etilgan “Imkon” granti loyihasi nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlovchi ana shunday chora-tadbirlardan biridir.

Mazkur loyiha 15 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarning informatsion texnologiyalarning 5 yoʻnalishi — veb dasturlash, grafik dizayn, moushn grafika, raqamli marketing, ijtimoiy media marketing boʻyicha bilimlarini oshirish, ularning sohada frilanserlik xizmatlarini koʻrsatish orqali iqtisodiy daromad olishiga imkon yaratishni koʻzda tutadi.

Oʻtgan mavsum 300 nafardan ortiq yoshlar orasidan 44 nafar loyiha bitiruvchisi sertifikat va noutbuklar bilan taqdirlanib, frilanserlik faoliyatini boshlashi uchun koʻmak berilgan.

Ayni kunlarda loyihaning joriy yilgi saralash bosqichlari tashkil etilmoqda. Poytaxtimizdagi Yoshlar press-klubida loyiha qatnashchilari bilan suhbat va savol-javoblar tashkil etildi.

— Grafik dizayn yoʻnalishiga qiziqaman, — deydi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi talabasi Ahmadali Qambaraliyev. — “Imkon” loyihasi bu borada bilim va salohiyatimni oshirishga imkon yaratadi, deb oʻylayman. Hakamlar tomonidan berilgan savollarga baholiqudrat javob qaytardim. Natijani vaqt koʻrsatadi.

Joriy yilgi loyihada 212 nafar talabgor ishtirok etayotgan boʻlib, ushbu bosqichda 30 nafar qatnashchi saralab olinadi.

Farangiz XOʻJAQULOVA,
Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер