Izlagan imkon topadi
Korxonamizda 214 nafar ishchi tomonidan 20 turdagi gilam va tafting mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Korxona 2014-yilda xalqaro ISO: 9001 sifat sertifikatiga ega boʻlgan. Shu sababli ishlab chiqarayotgan gilam va gilam mahsulotlarimiz ichki bozorni toʻldirishi barobarida qoʻshni davlatlarga ham eksport qilinmoqda.
Jumladan, 2020-yilda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Ozarbayjon, Afgʻoniston Respublikalariga 1 million 483 ming dollarlik mahsulot eksport qilinib, buning ortidan 915 million soʻm sof foyda oldik.
Keyingi uch yilda 31 milliard 35 million soʻmlik gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarildi. 3348 ming dollarlik eksport amalga oshirilib, sof foyda 4 milliard 537 million soʻmni tashkil qildi.
Albatta, sifat va salmoq ortishi uchun xalqaro sifat sertifikatiga erishish bilan cheklanib qolmadik. 2021-yilda Turkiya Respublikasining “KYKKIMYA” va “YAKUT HALI” firmalaridan qiymati 800 ming dollarlik 2 ta zamonaviy gilam ishlab chiqaradigan hamda ip tayyorlaydigan asbob-uskuna olib keldik. Buning ortidan korxonada 42 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Shuningdek, yiliga 6 milliard 120 million soʻmlik gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.
Oʻtgan yili Belgiyaning “VRW BVBA” firmasidan tafting gilam mahsulotlari ishlab chiqaradigan uskuna olib keldik. Yana 30 ta yangi ish oʻrni yaratdik.
Bugungi kunda jamoamiz yiliga oʻrtacha 1,6 million kvadrat metr mahsulot tayyorlab, ichki va tashqi bozorlardagi mijozlarga yetkazib bermoqda.
Joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha ishlab chiqarish sexlarini ishga tushirib, zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalar olib kelish evaziga eksportbop gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada oshirilib, eksport koʻlamini Tojikiston, Rossiya davlatlari bilan kengaytirmoqchimiz.
Amalga oshiriladigan oʻzgarishlar ortidan yana 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Umarjon Ibodullayev,
Urgut tumanidagi “Bekmez Carpet” MCHJ direktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring