Izlagan imkon topadi

15:59 31 Yanvar 2024 Jamiyat
488 0

Ruslan Rustamovni ancha yildan buyon bilaman. U Qashqadaryo viloyatidagi faol yoshlardan biri. Ayniqsa, IT sohasida oʻtkazilgan turli tanlovlar, tadbirlarda doim oʻzining faolligi, yangi gʻoyalari, loyihalari bilan ajralib turadi.

Ruslan bundan bir necha yil avval oʻz korxonasini taʼsis etib, Qarshi shahrida “taom yetkazib berish” xizmatini yoʻlga qoʻygan edi. Toʻgʻrisi, uning bu tashabbusi katta samara keltirishiga unchalik ham ishonmaganman. Chunki oʻsha vaqtda odamlar hali telefon yoki internet orqali taom buyurtma qilishga unchalik ham odatlanmagan, bunday sharoitda ishni izga tushirish juda qiyindek tuyulgandi menga.

Biroq yosh tadbirkor Ruslan Rustamov chekinmadi. U oʻz loyihasini takomillashtirishda, rivojlantirishda davom etdi. IT sohasini puxta oʻzlashtirgani, bu boradagi malakasi, tajribasi ham unga qoʻl kelgani aniq. Xullas, oradan uch-toʻrt yil oʻtib, Ruslan Rustamov taʼsis etgan “Yemak” loyihasi viloyatdagi birinchi va eng katta taom yetkazish xizmatiga aylandi.

— “Yemak” bu — kafe, choyxona, restoran va boshqa muassasalar bilan birga kuryerlarni bogʻlovchi agregator hisoblanadi, — deydi Ruslan Rustamov. — Bunda mijoz android uchun moʻljallangan mobil ilovamiz, telegram uchun moʻljallangan bot yoki saytimizga kirib, menyudagi kafe va restoranlar hamda ularning taomnomasi, narxlari bilan tanishadi. Soʻng istalgan taomni onlayn buyurtma qilishi mumkin va ushbu taom unga kuryerlarimiz tomonidan belgilangan vaqtda yetkazib beriladi. Ayni vaqtda faqat Qarshi shahrida faoliyat yuritayapmiz. Kelgusida mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olishni rejalashtirganmiz.

Taʼkidlab oʻtish joiz, 2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida IT sohasidagi nufuzli tanlovlardan biri — “President Tech Award” tanlovining gʻoliblari taqdirlandi.

Eʼtiborli tomoni, tanlovda Ruslan Rustamov rahbarligidagi “Yemak” loyihasi ham ishtirok etib, “tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar” yoʻnalishida 1-oʻrinni qoʻlga kiritib, 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mukofotni qoʻlga kiritdi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер