Ijtimoiy sheriklik istiqbollari: kecha va bugun

14:01 07 Noyabr 2022 Jamiyat
658 0

Poytaxtimizdagi Toshkent arxitektura qurilish institutida 11-noyabr — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuniga bagʻishlab “Ijtimoiy sheriklik istiqbollari: kecha va bugun” mavzuida seminar oʻtkazildi.

Oʻzbekiston transport, yoʻl va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirga parlament aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot hamda muassasalarning boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitalari raislari va talaba-yoshlar qatnashdi.

Taʼkidlanganidek, bugun Oʻzbekiston transport, yoʻl va kapital qurilish, qurilish industriyasi xodimlari kasaba uyushmasi oʻz ijtimoiy sheriklari boʻlgan tegishli vazirliklar bilan imzolangan Tarmoq kelishuvlari asosida ish olib bormoqda.

Xususan, tarmoq kasaba uyushmasi tomonidan mehnat qonunchiligi hamda jamoa shartnomalarining ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati yuritilib, mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlarini himoyalash, ular mehnatini muhofaza qilish, xavfsiz ish oʻrinlarini yaratish, moddiy hamda maʼnaviy koʻmak koʻrsatish, salomatligini mustahkamlash, mehnat jamoalarida madaniy, ommaviy sport tadbirlarini yoʻlga qoʻyish kabi yoʻnalishlarda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Natijada joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida Jamoa shartnomalari orqali 10 ming 832 nafar ishchi-xodimning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash, mehnatkashlar hamda ularning oila aʼzolarini moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadlariga ish beruvchilar va kasaba uyushmalari ijtimoiy sherikligida 4 mlrd. 27 mln. soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirildi.

Shuningdek, tarmoq tizimidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yosh bolali 274 nafar ayolning oylik maoshi saqlangan holda ish vaqti haftasiga 35 soatdan oshmaydigan qilib belgilanishiga erishildi. 2 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bola parvarishi uchun taʼtilda boʻlgan 455 nafar yosh onalarga 174 million soʻmlik moddiy yordam koʻrsatildi.

Bu hali hammasi emas. Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida jamoa shartnomalarida belgilangan 18 ming 760 ta tadbir ijrosi uchun qariyb 16,5 mlrd. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shuningdek, qariyb 13 ming nafar ishchi-xodim tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Sana arafasida tashkil etilayotgan ana shunday anjumanlarda mazkur yoʻnalishlardagi ishlar sarhisobi bilan birga, kelgusidagi dolzarb vazifalar ham belgilab olinyapti.

Shuningdek, tadbir davomida xodimlar manfaatlarini himoyalashda kasaba uyushmalari bilan ijtimoiy sheriklik asosida ish olib borayotgan hamkor tashkilotlar vakillariga tashakkurnomalar topshirildi. Tarmoq tizimidagi korxonalarda koʻp yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan xodimlar hamda kasaba uyushma faollari ragʻbatlantirildi.

Muhabbat OʻRMONBEKOVA,

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер