Ijtimoiy xodimlar endi skuterlarda xizmat qiladi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida olis hududlarda xizmat koʻrsatayotgan 12 nafar ijtimoiy xodimga Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan skuterlar topshirildi.
Maʼlumki, ijtimoiy xodimlar oʻz hududlaridagi yordamga muhtoj keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillariga doimiy ravishda tashrif buyurib, ularning muammolarini hal etishda koʻmaklashadi. Ayniqsa, olis va chekka hududlarda bunday xizmatlarning ahamiyati yanada ortadi.
Yangi skuterlar ijtimoiy xodimlarga oʻz vaqtida manzillarga yetib borish, aholi bilan muloqot qilish va ularning muammolarini tezkorlik bilan hal etish imkonini beradi. Bu oʻz navbatida, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qiladi.
— Bugungi kunda ijtimoiy xodimlarning masʼuliyati katta, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Aziz Mashrabov. — Ular aholining eng zaif qatlamlariga yordam berishdek sharafli vazifani bajarmoqda. Boshqarmamiz ularning ishini yengillashtirish, sharoitlarini yaxshilash uchun doimo harakatda.

Shuningdek, skuterlar topshirilgan ijtimoiy xodimlar oʻz minnatdorchiliklarini bildirib, bundan buyon ham sadoqat bilan ishlashga vaʼda berishdi.
— Tuman markazidan 25 km olisda joylashgan Uzumzor mahallasida faoliyat olib boraman, — deydi mahalladagi ijtimoiy xodim Saida Ergashova. — Mahallam hududining asosiy qismi qir adirlikdan iborat. Aholi xonadonlari tarqoq joylashgan. Mingdan ortiq fuqaroga xizmat koʻrsatish anchayin qiyinlik tugʻdirayotgan edi. Endi ushbu qiyinchiliklar ortda qoldi. Zamonaviy skuter orqali xalqimizga tez va sifatli xizmat qilaman.
Mazkur loyihaning viloyat miqyosida ommalashtirilishi rejalashtirilgan. Bu Surxondaryo viloyatidagi barcha ijtimoiy xodimlarning ish sharoitlarini yaxshilash va ularning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring