Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratiladi

18:15 15 Yanvar 2024 Siyosat
597 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Partiya saylovoldi dasturida - migratsiya sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solish hamda davlat, jamiyat va fuqaro manfaatlariga ijobiy ta’sir qiladigan migratsiya muammolarini ijobiy hal qilish vazifasi qo‘yilgan.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining jamiyatimiz va qonunchiligimiz uchun ahamiyati va muhimligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi.

Xususan, deputatlar loyihaning 223-3-moddasi bo‘yicha qonun tashabbuskorlariga bir qator savollar berishdi. Amaldagi moddada faqat mansabdor shaxslarga nisbatan jarima qo‘llash belgilangani, taklif etilayotgan moddada davlat mulki hisoblangan pasportni yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani qonunga xilof ravishda olib qo‘yganlik yoxud garovga olganlik uchun faqat mansabdor shaxslarga emas, balki barcha uchun javobgarlikni belgilash maqsadida aniq jarima miqdorini belgilash taklif etilayotganligini qayd etdilar. Taklif etilayotgan tahrirda barcha fuqarolarga tegishli etib belgilanayotgani qanchalik to‘g‘ri?, degan savolni o‘rtaga tashlashdi.

Qonun tashabbuskorlari bugungi kunda jamiyatimizda fuqarolik pasporti yoki ID-kartani garovga qo‘yib, ko‘plab o‘g‘irlik va tovlamachiliklar sodir etilayotganini bildirdi.

Ularning aytishicha, oddiy velosiped olishda pasport yoki ID kartani garovga qo‘yib, aldab ketish holatlari kuzatilmoqda. Surishtiruvlar natijasida bunday holatlarda ushbu vositalar garov evaziga berilayotgani aniqlangan. Mazkur qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan jarimalarning barcha shaxslarga nisbatan qo‘llanishi yuzaga kelayotgan holatlarning oldini olishga yordam beradi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi kunga qadar ushbu modda faqat mansabdor shaxslarga nisbatan qo‘llanilar edi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi 2 yilda 223-3-moddasi bo‘yicha mansabdorlarga nisbatan faqatgina bir marotaba bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ushbu sohadagi qonun buzilishlari oddiy fuqarolar tomonidan ham ko‘plab sodir etilayotganining guvohi bo‘lishimiz mumkin.

Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, taklif etilayotgan loyihaning qabul qilinishi aholi orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga yengillik yaratilib, huquqni qo‘llash amaliyotida hamda ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda ortiqcha byurokratiyani hamda korrupsion holatlarni oldini olish ta’minlanadi.

Qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер