Ijodkor ayollar taqdirlandi
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida yurtimiz mahallalarida istiqomat qilayotgan ijodkor ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan “Nazm gulshani” va “Qalam sehri” nomli sheʼrlar, hikoya va qissalar ijodiy tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda yozuvchi-shoirlar, gʻoliblarning yaqinlari hamda talaba-yoshlar jam boʻldi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda mamlakatimizda ijodkorlarning, ayniqsa, xotin-qizlarning har sohada faolligiga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlandi.
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan oʻtkazilgan tanlovga ijodiy ishlar shu yilning 15-martdan 25-martgacha qabul qilindi. Unda barcha viloyatlar va Qoraqalpogʻistondan ijodkor ayollar ishtirok etdi.
— Tanlov jarayoni juda qizgʻin kechdi, — dedi shoira Farogʻat Xudoyqulova. — Unga 2022-2024-yillarda kitob holida, shuningdek, gazeta va jurnallarda chop etilgan hamda elektron shakldagi 40 nafar muallifning 70 dan ortiq ijodiy ishlari qabul qilindi va har biri hakamlar hayʼati tomonidan saralandi.
Hayʼat aʼzolari ishtirokchilarning ijod namunalarida vatanga sadoqat tuygʻusini uygʻotadigan, milliy qadriyatlarimizning asralishida, ijtimoiy hayotdagi yutuqlarimizni koʻrsatib beradigan ayol, vatan, insoniylik mavzularida yozgan sheʼrlari, hikoya va qissalariga xolisona baho berdi.
Natijalarga koʻra, 1 oʻrin respublika matbuotida eʼlon qilingan sheʼrlari uchun Oygul Suyundiqovaga, 2 oʻrin “Havorang nasimlar” sheʼriy toʻplami uchun Nilufar Umarovaga, 3 oʻrin “Taqdir soʻqmoqlari”, “Qaydasan Chinara?” qissalar toʻplami uchun Oralxan Saparovaga nasib etdi. Shuningdek, bir guruh ijodkorlar ragʻbatlantiruvchi sifatida mukofotlanishdi.
Tadbir yakunida sovrindorlarga Yozuvchilar uyushmasining diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Ijodkor ayollarning sheʼrlari tinglandi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring