Ijodiy izlanishlar e’tirofi
Foto: “Xalq so‘zi”
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan ushbu tanlov bu yil yangicha nizom asosida tashkil etildi. Prezidentimizning 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘ldi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda milliy jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi o‘laroq “Oltin qalam” tanlovining ham nufuzi oshib borayotgani ta’kidlandi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga muvofiq, bu yil tanlov g‘oliblarini rag‘batlantirish yanada kengaydi. Jumladan, bosh milliy mukofot uchun avtomobil taqdim qilindi. Birinchi o‘rin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, ikkinchi o‘rinni olgan bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari, uchinchi o‘rin egasi bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Rag‘batlantiruvchi nominasiyalar soni va ularga beriladigan pul mukofotlari ham oshdi. Xususan, 12 ta rag‘batlantiruvchi nominasiyaning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ajratildi.

Bunday e’tiborga mos ravishda tanlovda qatnashuvchilar soni ham har yilgidan ko‘paydi. Ya’ni joriy yil tanlovda 500 dan ziyod OAV vakillari 4 mingga yaqin ijodiy ishlari bilan qatnashdi.
Tantanali tadbirda televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar yo‘nalishi, barcha nominasiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga maxsus statuetka, pul mukofoti va diplomlar tantanali topshirildi.

Bosh milliy mukofotga Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti munosib topildi. Unga yengil avtomobil kaliti, maxsus statuetka va diplom tantanali ravishda topshirildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari K.Allamjonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbarining o‘rinbosari —O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sh.Asadov ishtirok etdi.
San’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat bag‘ishladi.
















Dilshod KARIMOV
(“Xalq so‘zi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring