“Ijara”da yashayotgan boshpanasiz kutubxona

12:59 23 Yanvar 2024 Jamiyat
517 0

Buloqboshi tumani axborot kutubxona markazi koʻchada qolishi mumkin. Gap shundaki, tashkil topganiga besh yil boʻlgan ushbu markaz shu paytgacha oʻzining muqim manziliga ega emas. Ayni paytda u 4-umumtaʼlim maktabi binosida joylashgan. Bino auksionda tadbirkor Maxliyoxon Sobirova tomonidan sotib olindi. Endi u bu yerda xususiy maktab ochmoqchi. Shu bois kutubxona mudiri nomiga: “Boʻldi, shuncha vaqt yashadinglar, endi joylaringni топинглар... yana qancha kutishim керак?..” degan mazmundagi nomalarni yubormoqda.

Boshi qotgan mudira hali tuman hokimiga, hali viloyat tashkilotiga, hali deputatlar qabuliga murojaat qilaverib, tinkasi quridi. Yuqori idoralarga yuborilgan xatlar, soʻrovnomalar yosh bolalarni xoʻroz qand bilan aldaganlaridek, “...koʻrib chiqiladi, oʻrganiladi yoki tegishli joylarga yuborildi...” kabi aldovchi javoblardan iborat boʻlmoqda. Xullas, qayga borsa “Otangga bor, onangga bor...” qabilidagi ishlar xoldan toydirdi. Natija esa yoʻq... Toʻgʻri, tuman hokimi Oʻtkirbek Maʼmurov: “Hozircha oʻsha binodan chiqmay turasizlar, tadbirkor bilan kelishganmiz” mazmunidagi javobni yoʻlladi. Biroq, tadbirkor kutubxonani binodan chiqib ketishini talab qilganiga qaraganda hech qanday kelishuv boʻlmagan.

— Ayni paytda kutubxonamiz 23 ming 109 ta kitob fondiga ega, — deydi kutubxona mudiri Muborakxon Isaqova. — Elektron resurslar soni esa 300 ming 146 tani tashkil etadi. Kitoblarimiz soni muntazam ortib bormoqda. Masalan, oxirgi marta Alisher Navoiy nomli Oʻzbekiston milliy kutubxonasi tomonidan 462 dona kitob sovgʻa qilindi. 2023-yil davomida adabiyotlarimiz soni 1 ming 668 taga ortdi.

Asosan qishloq xoʻjaligiga moslashtirilgan tumanda istiqomat qiluvchi aholi orasida ham kitobni yaxshi koʻruvchi, uni sevib mutolaa qiluvchilar koʻpchilikni tashkil etadi. Hozirga qadar ularning soni 13 ming 495 nafarga yetdi. Bunga kutubxonada tashkil etilayotgan yangi asarlar taqdimotlari, bilimlar bellashuvlari, kitobxon oilalar musobaqalari kabi tadbirlarning muntazam oʻtkazib kelinayotgani ham sabab boʻlmoqda.

— Butun umrim davomida kitob mutolaasini kanda qilmaganman, — deydi mehnat faxriysi Abdullajon Hakimov. — Shu bois hanuzgacha kutubxonaga qatnayman. Agar, u binosiz qoladigan boʻlsa, bilingki, tumanimizda maʼnaviyatga, maʼrifatga boʻlgan munosabatning ham bahosi nolga teng boʻlib qoladi.

Kutubxonada boʻlganimizda kitobxonlarning aksariyati yoshlardan iborat ekanligiga amin boʻldik. Zero, bugungi yigit-qizlarni kitob mutolaasiga qaytarguncha hukumatimiz qanchadan-qancha chora-tadbirlarni amalga tatbiq etdi.

— Hozir maktabda oʻquvchisiman, — deydi foydalanuvchi Diyora Ahmedova. — Kelajakda institutga kirib, ustozlik kasbi boʻyicha taʼlim olishni xohlayman. Buning uchun koʻproq oʻqishim kerak. Afsuski, menga kerakli boʻlgan qoʻllanmalarning narxi juda qimmat. Repetitordan saboq olishning ham imkoni yoʻq. Kutubxonada esa kerakli barcha qoʻllanmalarning elektron shakli mavjud. Qolaversa, foydalanish ham bepul.

Har qanday yuksaklikning poydevori maʼnaviyatdir! Har qanday yuksak saviyali insonning asosi bilimdir! Maʼrifatga bepisandlik bilan qaralgan kundan boshlab inqiroz sari yuz tutilaveradi. Shunday ekan, juda katta bilim maskaniga aylangan kutubxonaning taqdiriga befarq qarab boʻlmaydi. Kutubxona koʻchada qolishining oldini olish, buning uchun uni doimiy manzil bilan taʼminlash muhimdir.

Umid qilamizki, Buloqboshi tumani hokimligi, maʼnaviyatga daxldor rahbarlar va beli baquvvat homiylar “ijarada” arang kun kechirayotgan “shoʻrlik” kutubxonani yangi, muhtasham va zamonaviy bino bilan taʼminlashda bosh-qosh boʻladilar. Negadir bunga ishongimiz kelyapti.

Yana билмадик...

Mahmudjon IBOYEV, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер