Ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilish holatlarining oldi olinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ijara va lizing munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda fuqarolik-huquqiy munosabatlarni samarali tartibga solish, ushbu sohadagi qonunchilik hujjatlarini yanada takomillashtirish, shartnomaviy munosabatlarda qonuniylikni taʼminlash borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, tahlillar jismoniy va yuridik shaxslarning oʻrtasidagi ijara va lizing munosabatlarida qonunbuzilishi holatlarining soni tobora ortib borayotgani hamda qonunchilik hujjatlariga ushbu holatlarning oldini olish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish zaruratini koʻrsatmoqda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq taʼrifi va uning xususiyatlari, ushbu shartnomaviy munosabatlarda shartnoma obyektini tasarruf etish, garovga qoʻyish va undiruvga qaratishga doir qoidalar nazarda tutilyapti.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi ijara va lizing munosabatlaridagi qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga, shuningdek, ushbu sohada jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy huquqlari kafolatini taʼminlashga xizmat qiladi.
Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berishdi. Hujjatdagi ayrim normalar boʻyicha asosli savollar oʻrtaga tashlandi. Qizgʻin kechgan tortishuvlardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring