“ITOCHU Corporation” delegatsiyasi bilan hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi
Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov hamda “ITOCHU Corporation”ning tashqi aloqalar boʻyicha katta vitse-vakili Masahiro Imay oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Bobur Xodjayev hamda departament direktori Temirmalik Xoliqov, xorijiy tomondan PR boʻlimi bosh menejeri Tsutsui Xiroshi, yadro yoqilgʻisi departamenti menejeri Shibata Toshitaka va Toshkentdagi vakolatxona rahbari Nakayama Shotaro qatnashdi.
Maʻlumot uchun: “ITOCHU Corporation” xalqaro miqyosdagi yetakchi savdo tashkiloti boʻlib, savdo, import va eksport sohasida faoliyat olib boradi. Shuningdek, chet elda turli xil tovarlar, xususan, toʻqimachilik, metallar, minerallar, energiya, koʻchmas mulk, kimyo mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, umumiy tovarlar savdosi, sugʻurta, logistika, qurilish va moliya, shu jumladan, Yaponiya hamda xorijdagi investitsiya loyihalarida faol ishtirok etadi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga doir muhim masalalar muhokama qilindi. Masahiro Imay “ITOCHU Corporation” kompaniyasi mamlakatga sarmoya kiritishga katta qiziqish bildirayotganini maʻlum qildi. Oʻzbekistonning yuksak salohiyatiga ishonch bildirib, kompaniya mamlakatni rivojlantirishda bundan keyin ham faol ishtirok etishga tayyorligini taʻkidladi. Xususan, avtomobilsozlikdagi mavjud vaziyat muhokama qilinib, ushbu sohaga sarmoya kiritish istiqbollariga alohida eʻtibor qaratildi. Shu bilan birga, uchrashuv chogʻida “ITOCHU Corporation” vakili yapon investorlarining Oʻzbekistonda biznesni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʻkidlab, kompaniya hamkorlikni, ayniqsa, investitsiya va kichik biznes bilan aloqalarni qoʻllab-quvvatlash hamda rivojlantirishga tayyorligini taʻkidladi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va “ITOCHU Corporation” oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam boʻldi. Har ikki tomon aloqalarni davom ettirish niyatida ekanliklarini bildirib, muhokama qilingan reja va gʻoyalarni amalga oshirish boʻyicha tashlanadigan keyingi qadamlarni kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring