Italiya parlamentidagi “Italiya-Markaziy Osiyo” guruhining yangi tayinlangan aʼzolari bilan uchrashuv boʻldi
Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari Italiya parlamentidagi “Italiya-Markaziy Osiyo” guruhining yangi tayinlangan aʼzolari bilan uchrashdilar.
Unda “Italiya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi raisi Fabritsio Bensoni, bosh kotib Roberto Sorbello, guruh aʼzolari Djandjakomo Kalovini, Paolo Formentini, Fabio Petrella, Piyero Fassini, Ettore Rozato va boshqa deputatlar qatnashdilar.
Fabritsio Bensoni bugungi kunda Italiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini taʼkidlar ekan, bu yoʻnalishda parlamentlararo hamkorlik yanada faollashishiga komil ishonch izhor etdi.
Oʻzbekiston elchisi Otabek Akbarov oʻz chiqishida Oʻzbekistonning iqtisodiy salohiyati va mamlakatimizning Italiya bilan oʻzaro siyosiy, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligidagi hozirgi holat va uning istiqbollari haqidagi fikrlarini oʻrtoqlashdi.
Shu bilan birga, deputatlar eʼtibori joriy yil
8-9-iyun kunlari Italiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni tomonidan ikki davlat oʻrtasida strategik sheriklik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha qabul qilingan deklaratsiyaga qaratildi.
“Ushbu hujjatning Gʻarbiy Yevropa davlatlari orasidan birinchi boʻlib aynan Italiya bilan imzolanishi har ikki mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, dedi Oʻzbekiston elchisi.
Diplomat taʼlim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarga ham toʻxtalar ekan, Turin politexnika universiteti va Piza universitetining Toshkentda muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotganini taʼkidladi. Shuningdek, Kampania Luiji Vanvitelli universitetining Buxoroda kampusi ochilishi rejalashtirilayotgani ham maʼlum qilindi.
Uchrashuv yakunida joriy yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Oliy Majlisi palatalarida tashkil etilgan Italiya bilan hamkorlik va doʻstlik guruhlari hamda “Italiya-Markaziy Osiyo” guruhi oʻrtasida videokonferensiya aloqasi vositasida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring