Italiya havo kuchlariga tegishli samolyot Kobulda oʻqqa tutildi
Foto: Reuters
Italiya Harbiy havo kuchlarining Afgʻonistondan evakuatsiya tadbirlariga jalb etilgan C-130 rusumli samolyoti Kobul aeroportida oʻqqa tutilgan.
"La Stampa" xabariga koʻra, havo kemasi uchish-qoʻnish yoʻlagidayoq oʻqqa tutilgan va qurbonlar yoʻq. Manbada samolyot kim tomonidan hujum uyushtirilganiga aniqlik kiritilmagan.
Aniqlik kiritilishicha, samolyot jurnalistlar va 98 nafar afgʻon fuqarosi olib ketayotgan edi. Havo kemasi Italiya Harbiy havo kuchlarining ayol uchuvchisi boshqaruvida boʻlgan va u chaqqonlik qilib, samolyotni oʻqlarning trayektoriyasidan uzoqlashtirishning uddasidan chiqqan.
Qayd etilishicha, samolyot Kuvaytdagi Al-Salim aviabazasiga yoʻl olgan va u yerdan yoʻlovchilar boshqa layner orqali Italiyaga olib ketiladi.
Hozirda Kobul aeroportiga erkin kirishning imkoni yoʻq. Afgʻonistonda nazoratni qoʻlga olgan “Tolibon” harakati aeroportga kirishda nazorat punkti oʻrnatgan va faqat xorij mamlakatlari fuqarolari va vizasi yoki maxsus taklifnomasiga ega boʻlgan afgʻon fuqarolarini aeroport hududiga kirishga ruxsat bermoqda.
“Tolibon” harakati 31-avgustgacha AQSH oʻz qoʻshinlarini Afgʻonistondan butunlay olib chiqib ketishini talab qilmoqda.
“Tolibon” harakati rahbarlari Vashingtonga AQSH qoʻshinlari Afgʻonistondan oʻz vaqtida olib chiqilmagan taqdirda harbiy javob berish bilan tahdid qildi. Аgar AQSH 31-avgustga qadar mamlakatdan harbiy kontingentini olib chiqmasa, javob choralari qattiq boʻlishi mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring