“Moskva energetika instituti” Milliy tadqiqot universiteti”da Konstitutsiya kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir oʻtkazildi
Shu kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi milliy bayram sifatida butun mamlakat boʻylab keng nishonlanmoqda. Mehnat jamoalarida, mahallalarda va taʼlim muassasalarida turli tadbirlar tashkil etilmoqda.
Ularda yangi tahrirdagi bosh Qomusimiz shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, dini, irqi va tilidan qatʼi nazar, barcha uchun mustahkam himoya, fuqarolik jamiyati istiqbolini belgilab beruvchi dasturilamal hujjat ekani haqida fikr-mulohazalar bildirilmoqda
Toshkent shahrida “Moskva energetika instituti” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi filialida oʻtkazilgan tadbirda ham ana shu jihatlarga yana bir eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu taʼlim muassasasi Prezidentimizning 2018-yil 23-oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq tashkil etilgan. Ushbu oliygoh respublikamizning energetika tarmogʻi uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida faoliyat olib bormoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqan “Moskva energetika instituti” Milliy tadqiqot universiteti” Federal davlat byudjet oliy taʼlim muassasasi filiali direktori oʻrinbosari, professor Axmet Iskenderov Oʻzbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar oʻzbek davlatchiligi, fuqarolik jamiyatini yanada mustahkamlashga, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga qaratilgani haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi aʼzosi Tavakkal Choriyev esa oʻz chiqishida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi boʻldi, — deydi “Moskva energetika instituti” milliy tadqiqot universiteti professori Bahrom Egamberdiyev. — 65 foizga yangilangan Bosh qomusimizning normalari 275 tadan 434 taga, unda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar soni esa 3 barobar koʻpaydi. Bularning barchasi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini umumeʼtirof etilgan tamoyillar asosida taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbir soʻnggida institut talabalarining Konstitutsiya kuniga bagʻishlab tayyorlagan chiqishlari va videoroliklari namoyish etildi.
Nurulloh OSTONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring