“Isteʼmolchilar uyi”: zamonaviy xizmatlar va jamoatchilik nazorati uygʻunligi

15:48 06 Aprel 2026 Jamiyat
447 0

Fargʻona shahrida Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Fargʻona viloyati hududiy birlashmasi tashabbusi bilan yangi qurib bitkazilgan — “Isteʼmolchilar uyi” tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, barcha zamonaviy sharoitlar muhayyo etilgan bino nafaqat yangi infratuzilma obyekti, balki isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiquvchi muhim markaz sifatida ham faoliyat koʻrsatadi.

— Bu shunchaki murojaat qabul qiladigan joy emas, balki aholi, davlat idoralari va tadbirkorlar oʻrtasida ishonchli muloqotni taʼminlovchi ochiq maydon vazifasini bajaradi, — deydi Federatsiyaning Fargʻona viloyati hududiy birlashmasi rahbari Ahrorjon Rahmonaliyev. — Shu tariqa shaffof va samarali xizmat koʻrsatish sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilib, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.

Shuningdek, yaqin istiqbolda tahlil, monitoring va profilaktika ishlarini kengaytirish orqali sohadagi tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan muhim platformani shakllantirish maqsad qilingan.

Aytish joiz, oʻtgan yili hududiy birlashma hamda tuman-shahar jamiyatlariga 913 ta murojaat kelib tushib, oʻrganish ishlari natijasida isteʼmolchilar foydasiga 1 mlrd 911 mln soʻm mablagʻlar qayta hisob-kitob qilinishiga erishildi. Shundan qariyb 434 mln soʻm sud idoralariga kiritilgan daʼvo arizalari koʻrib chiqilishi natijasida isteʼmolchilar foydasiga undirilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni tashkil etadi.

Oʻz navbatida tizim tashkilotlari qoshida tashkillangan “Isteʼmolchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari orqali 700 nafar hamyurtlarimizga bepul huquqiy maslahatlar berildi. Ichki bozorda sotilayotgan isteʼmol tovarlarining sifati va xavfsizligi, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining boshqa talablarini taʼminlash boʻyicha 17 ta monitoring kuzatuvlari oʻtkazildi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер