Issiqxona xoʻjaliklari uchun qoʻshimcha imtiyozlar beriladi
Illyustrativ foto
Joriy yilning 25-mart kuni Prezidentning “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan barqaror taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–108-son qarori qabul qilindi.
Maʼlum qilinishicha, quyidagilar 2026–2027-yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib belgilangan:
• Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini joylashtirish;
• energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish;
• atmosfera havosiga zararli tashlamalar tashlayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini bosqichma-bosqich kamaytirish.
Qarorga koʻra, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.
“Surxon-Agro” zonasi hududida faoliyat olib boradigan issiqxona xoʻjaliklariga quyidagi imtiyoz va preferensiyalar beriladi:
• yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5-yil davomida ijara toʻlovining nol stavkasi qoʻllanadi;
• issiqxonalarni sugʻorish va texnologik jarayonlar uchun ishlatiladigan oqova va yerosti suvlari uchun toʻlovlardan 3-yil muddatga ozod etiladi;
• anomal sovuq ob-havo sharoitlari davrida, istisno tariqasida, belgilangan ekologik talablarga rioya qilgan holda koʻmir yoqishga ruxsat etiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring