Isroilning Gʻazoga qilgan hujumlarida halok boʻlganlarning yarmi ayollar va bolalar — JSST
Foto: Reuters
Isroilning Gʻazoga havo hujumlari boshlanganidan beri 2800 kishi halok boʻlgan, 11 ming kishi tan jarohati olgan. Halok boʻlganlarning yarmini ayollar va bolalar tashkil etadi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlum qildi.
JSST Sharqiy Oʻrta Yer dengizi mintaqaviy boshqarmasi favqulodda vaziyatlar boʻyicha mintaqaviy direktori doktor Richard Bennanning soʻzlariga koʻra, BMT agentligi Falastin anklavida uzoq muddatli gumanitar inqiroz haqida ogohlantirganidek, tashkilot yordam va dori-darmonlarni yetkazib berishi uchun Gʻazo sektoriga zudlik bilan kirishi kerak.
Rasmiylarning maʼlum qilishicha, Gʻazodagi tibbiyot muassasalariga 115 ta hujum uyushtirilgan, aksariyat shifoxonalar ishlamayapti, suv va elektr quvvati hamda dori-darmon tanqisligi kuzatilmoqda.
Avvalroq, BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasini Isroil armiyasining Gʻazo sektoridan falastinliklarni koʻchirish haqidagi chaqirigʻi hayratda qoldirgan edi. BMT Isroil armiyasi oʻz bayonoti bilan Gʻazo sektorining milliondan ortiq aholisiga murojaat qilganini eslatdi.
“Tinch aholi xavfsizligi kafolatisiz majburiy koʻchirish xalqaro gumanitar huquqning jiddiy buzilishi va urush jinoyati hisoblanadi”, — deyiladi tashkilot bayonotida. Bundan tashqari, tashkilot Isroil tomonidan eʼlon qilingan janubga oʻtish xavfli ekanligini taʼkidladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring