Isroil kuchlari Gʻazo shahrining Zaytun mahallasidagi barcha binolarni vayron qildi
“Al jazeera” nashrining Gʻazo fuqarolik mudofaasi maʼlumotlariga tayanib xabar berishicha, Isroil hukumatining avgust oyida boshlagan quruqlikdagi operatsiyalari oqibatida anklavdagi 1 ming 500 dan ortiq turar-joy binolari vayron qilingan.
Mazkur vayronagarchiliklar natijasida Gʻazo shahridagi Zaytun mahallasining janubiy qismida hech qanday butun bino qolmagan. Maʼlum boʻlishicha, Isroil armiyasi bombalardan tashqari, maxsus texnikalar yordamida ham hududdagi binolarni buzib tashlashga kirishgan.
Guvohlarning soʻzlariga koʻra, Isroil kuchlari hujumlar oqibatida zararlangan binolar tomiga maxsus qurilmalar yordamida bombalar joylashtirib, har kuni kamida 7 ta maydondagi turar-joy binolarini bombardimon qilishga urinmoqda. Ushbu holat hududdagi vayronagarchilik koʻlamini kengaytirib yuborgan.
Tizimli vayronagarchilik oqibatida Gʻazo shahridagi Zaytun mahallasi doimiy aholisining 80 foizi hududni tark etishga va anklavning gʻarbiy yoki shimoliy qismidagi yashash uchun yaroqli manzillariga koʻchib ketishga majbur boʻlgan.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Isroilning Gʻazo boʻylab kecha tunda va bugun ertalab uyushtirgan hujumlari oqibatida kamida yetti nafar falastinlik halok boʻlgan. Qurbon boʻlganlar orasida hududdagi “Bureyj” qochqinlar lagerida yashayotgan bir ayol va uning voyaga yetmagan farzandi ham bor.
Gʻazo sogʻliqni saqlash boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, Isroilning hujumlari oqibatida shu vaqtga qadar kamida 62 ming 895 kishi halok boʻlgan, yana 158 ming 927 kishi esa turli darajadagi tan-jarohatlari olib shifoxonalarga yotqizilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring