Isroil Gʻazodagi operatsiyaning uchinchi bosqichi yakunlanish muddatini maʼlum qildi
Foto: AP
Isroilning Gʻazodagi quruqlikdagi operatsiyasining 3-bosqichi tez orada yakunlanishini kutilmoqda.
Isroil Amerika Qoʻshma Shtatlariga Gʻazo sektoridagi Falastinning HAMAS harakatiga qarshi quruqlikdagi operatsiyaning uchinchi bosqichi doirasidagi faol jangovar harakatlarning joriy bosqichi 2-3 hafta ichida yakunlanishi kerakligi haqida maʼlum qilgan. Bu haqda “CBS News” ikki amerikalik rasmiyga tayanib xabar bermoqda.
Ikki amerikalik mulozimga koʻra, isroilliklar AQSHga HAMASga qarshi hujumlarining joriy bosqichi, kuchli havo hujumlari va quruqlikdagi yirik operatsiya yaqin 2-3 hafta ichida yakunlanishi kerakligini bildirgan.
Amerikalik mulozimlardan birining ogohlantirishicha, quruqlikdagi operatsiyaning uchinchi bosqichining yakunlanishi janglar tugashini anglatmaydi. Balki bu uning shiddatining pasayishini, portlashlar sonining kamayishini va aniqroq zarbalarga eʼtibor qaratilshini, shuningdek, Isroil HAMASning qolgan yetakchilarini taʼqib qilishda davom etishini anglatadi.
Shu yilning 14-dekabr kuni AQSH milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi Jeyk Sallivan bilan uchrashuvda Isroil mudofaa vaziri keyingi reydlar uzoq davom etishi mumkinligini bashorat qilib, urush bir necha oydan koʻproq davom etishini aytgandi.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti Jo Bayden Isroilni HAMASga qarshi harbiy operatsiya davomida tinch aholini himoya qilishga chaqirdi, deb xabar bermoqda telekanal. Shu hafta boshida prezident Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hukumati aholi zich joylashgan hududdagi tartibsiz portlashlar tufayli xalqaro yordamni yoʻqotayotgani haqida ogohlantirgan edi.
Avvalroq, Amerika rasmiylariga koʻra, Isroilning Gʻazo sektoridagi quruqlikdagi operatsiyasining joriy bosqichi yanvar oyigacha davom etishi, shundan soʻng Isroil mudofaa kuchlari Falastinning HAMAS harakati jangchilariga maqsadli zarbalar berish strategiyasiga oʻtishi haqida xabar berilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring